Odil Yoqubov. Muallifning Hikoyasi
Poezd manzilga ertalab soat beshlar chamasida yetib keldi. Vohid uyquli ko’zlarini arta-arta perronga chiqqanida, tong nafasi sezilib qolgan, lekin ro’paradagi chorbog’ning ichi haliyam qorong’i, u yer-bu yerda lampochkalar charakdab turardi.
Havo salqin edi. Dimoqqa atirgul hidi urar, go’yo ro’paradagi bog’da mevali daraxtlar gullamoqda edi.
Vohid zinapoyadan tushayotib bir zum to’xtadi, tog’dan esayotgan yengil shabadaga yuzini berib bir nafas turdi va beixtiyor jilmaydi: borliqni to’ldirgan gul hidi, pastdagi bog’dan emas, qaerdandir olisdan, aftidan, tog’ etagidagi o’zining qishlog’idan kelardi. Har yili shu mahalda u yerda chillaki o’rik va bodom gullardi.
Vokzalning o’ng qanotidagi taksi to’xtaydigan joyda bitta ham yengil mashina ko’rinmas, poezddan tushgan yo’lovchilar bilan avtobus odamga to’lgan edi.
Vohid taksi kelguncha bog’ tevaragida aylanib yurmoqchi bo’lib pastga tusha boshladi-yu, to’satdan sovuqdan eti junjib, vujudini titroq bosayotganini sezib, to’xtadi. Kecha uydan chiqish oldida Mashhura: «Issiqroq kiyinib oling», deb bir necha marta eslatsa ham quloq solmagan, hatto qayta aytganida jerkib tashlagan edi. Nega?
Buni eslashi bilan ko’z oldiga perrondagi sim-yog’ochga suyangancha yig’lab qolgan Mashhura keldi. Kecha Vohid bunga e’tibor bermagan va xotinlarning odatdagi ko’z yoshi deb o’ylagan edi. Poezdga chiqqandan keyin esa bu narsa yodidan ham chiqib ketgandi. Lekin hozir ketayotganida uni yupatmagani, xayoli onasidan kelgan vahimali telegrammada bo’lib, Mashhura bilan sovuqqina xayrlashib jo’nab qolgani esiga tushib, ko’ngli negadir xijil tortdi. Qiziq, uning shunaqa g’alati odati bor: Mashhura bilan sovuq muomala qilganini, bir sabab bilan ko’ngliga ozor berganlarini doim mana shunaqa paytlarda, uyidan uzoqda bir ish bilan boshqa shaharlarga ketgan vaqtlarida eslaydi, ba’zan pushaymon bo’ladi, hatto: «Endi bunday qilmayman», degan ma’noda o’ziga-o’zi so’z ham beradi, lekin qaytganidan keyin buning hammasi yana esidan chiqib ketadi. Lekin bu safar, uni uzatib qolarkan, Mashhura negadir odatdagidan ham g’amgin edi. Vohid poezdga chiqayotganida ozg’inligidan bo’lsa kerak, juda katta ko’ringan ma’yus ko’zlari jiqqa yoshga to’lib:
— Ko’p turmang, tezroq qayting! — dedi-yu, to’satdan uning bo’ynidan quchoqlab yig’lab yubordi. Vohidning u bilan sovuqqina xayrlashishiga ham xuddi shu ko’z yoshi sabab bo’ldi, chunki homilador bo’lgandan beri Mashhura juda injiqlashib ketgan, sal narsagayoq ko’z yoshi to’kaveradigan bo’lib qolgandi. Buning hammasi so’nggi paytlarda Vohidning g’ashiga tega boshlagan edi. Lekin hozir bu to’g’rida o’ylarkan, Vohidning xayolidan: «Har qalay ilgari bunchalik emas edi-yu, nega bunday qildi?» — degan fikr o’tdi.
— «Nega bunday qildi? — o’ylardi Vohid va to’satdan xayoliga kelgan fikrdan beixtiyor kulimsiradi: — Ha-a... Eski dard! Rashk qilgan! Roziyaga rashk qilgan!»
Vohid o’zicha yana bir jilmayib qo’ydi-da, battar sovqotganini his etib, vokzalga burildi.
U Mashhuraning Roziyaga rashk qilishini yaxshi bilardi, lekin bu safar uning xayrlashayotgandagi ko’z yoshlariga qaramasdan bu narsa xayoliga ham kirib chiqmagan, chunki Roziya uni qattiq haqorat qilganidan beri o’tgan bir yarim yil ichida, Vohid uni allaqachon ko’nglidan chiqarib tashlagandi!
Zalda odam siyrak edi. Gir aylana qo’yilgan skameykalarda besh-o’nta yo’lovchilar boshlariga qoplarini qo’yib uxlamoqda, to’rdagi burchakda sochlari to’zg’igan lo’li xotin uyqu aralash bola emizmoqda edi. Gazeta-jurnal sotiladigan kioska berk, hammayoq suv quygandek jimjit, faqat eshigiga «dejur» deb yozib qo’yilgan xonadan erkak kishining telefonda qattiq-qattiq gaplashayottan bo’g’iq ovozi eshitilib turardi.
Zalning to’ridagi qator eshiklarning biriga qing’ir-qiyshiq harflar bilan «bufet» deb yozib qo’yilgandi. Bufet ham berk edi, lekin unga ko’zi tushishi bilan Vohid yana Roziyani esladi. Bundan bir yarim yil oldin Roziya bilan aloqani uzib kelgan kuni, to’rtinchi yanvar kechasi, Vohid shu bufetga kirib, poezdga chiqishdan oldin ikki stakan lim-lim shampanni birin-ketin ichib yuborgandi. Lekin, ajabo, o’shanda hatto shampan ham unga ta’sir etmagan, kechasi mijja qoqmasdan vagonning tamburida papiros chekib tong ottirgan edi! Esida bor, bir necha marta tamburning qorong’i, mudhish o’pqoniga tikilib: «Endi bu hayot nimaga kerak?» degan fikrni ko’nglidan kechirgandi...
Hozir buning hammasi judayam g’alati, bema’ni, ahmoqona bir narsa bo’lib ko’rinadi, lekin o’sha paytlarda turmush, kelajak ko’ziga qorong’i bo’lib ko’ringani, ajabo, haqiqat edi!..
Hatto Mashhuraga to’satdan uylanib olishiga ham o’sha alam, o’sha dard sabab bo’lgan edi. Rost, ular birga o’qib, institutni birga bitirgan edilar. Lekin Vohid Roziya voqeasi sodir bo’lguncha unga e’tibor bermagan, to’g’risi, yaxshi tanimas edi. Roziya bilan aloqani uzib borgan kunlari ular bir joyda uchrashib, gaplashib qoldilar. Mashhura unga juda muloyim qiz bo’lib ko’rindi. Ehtimol, o’sha chog’larda Vohid iliq, do’stona muomalaga muhtoj bo’lib yurgani uchun bo’lsa kerak, shartta uylanib qo’ya qoldi.
Yoshlik g’alati bo’lar ekan. O’shanda, mana shu bufetning o’rtasida tippa-tik turib, bir-ikki qadah shampan ichganida, Vohid ko’nglida Roziya qoldirgan alam hech qachon so’nmas, deb o’ylagandi. Mana, ikki yil o’tmasdanoq hammasi esdan chiqib ketdi! Endi farzand ko’rish, ota bo’lish arafasida turibdi. Agar onasidan telegramma borib, bu yerga kelishga majbur bo’lmaganida, ehtimol buning hammasini eslab ham o’tirmasdi!..
Vohid a’zoyi badanida kuchli charchoq his etib, chetroqdagi skameykaga o’tirdi. Ha... telegramma sabab bo’lmaganda u kelmas ham edi, albatta. Lekin... «Tez yetib kel, kelmasang chatoq bo’ladi!» — degan bunday vahimali telegrammaga nima sabab bo’ldiykin? Kampirning tobi qochib qoldimikin desa, telegramma uning nomidan yozilgandi. Boshqa nima sabab bo’lishi mumkin? Ha, aytmoqchi, Roziya voqeasi ro’y berganda ham Vohid onasidan xuddi mana shunday vahimali telegramma olgandi! Tag’in qanday falokat yuz berdiykin? Yo akasining oilasida ko’ngilsiz bir voqea sodir bo’ldimikin? Ishqilib tinchlik bo’lsin-da!
Vohid o’rnidan turib ketdi...
Tong otgan, chiroqlar o’chgan, o’chmaganlari nursiz xira nuqtalarga aylangan, lekin atrofni allaqanday yengil oqish tuman chulg’ab olgan, bog’lar, uylar go’yo harir to’r parda orasida qolganga o’xshardi. Olisdagi tog’larning tepasiga, xuddi birov bo’yoq chaplagandek, nafis pushtirang chiziqlar bilan qoplangandi.
Taksi to’xtaydigan joyda endi avtobus ham ko’rinmas, og’iz-burnini ro’mol bilan o’rab olgan bir xotin hammayoqni changga belab ko’cha supurmoqda edi.
Vohid orqaga qaytish-qaytmasligini bilmasdan hayron bo’lib turganida, qanotlari mayishib qolgan pachoq bir pobeda pastdagi bog’ orqasidan «g’iz etib chiqdi-da, ro’parasiga kelib to’xtadi. Qirq besh-ellik yoshlar chamasidagi oliftanamo, ingichka mo’ylov qo’ygan shofyor «Shakar buloq» so’zini eshitganida oldin bo-shini chayqab «borolmayman, mashina yo’lda qolib ketadi» dedi-yu, bir oz o’ylanib turgandan so’ng:
— Hay, mayli, yuz so’lkavoy berasiz, olib borib qo’yamiz, akajon! — deb kulimsiradi.
— Yigirma chaqirim joyga-ya! — dedi Vohid.
— Yigirma emas, qirq chaqirim deng, u yoqdan quruq aravani shaldiratganday qilib bo’sh qaytamiz-u, akasi aylansin! — dedi shofyor go’yo: «Shu savlating bilan besh-o’n so’mning yuziga borib o’tiribsanmi?» degan ma’noda Vohidga boshdan-oyoq razm solib, yana kulimsiradi.
Vohid qo’lini siltadi:
— Mayli, ketdik bo’lmasa!
Mashina endigina uyqudan uyg’onayotgan shaharchani oralab, borliqni quyuq to’zonga ko’mib, uchib ketdi.
Shofyor sergap odam ekan, bir lahzada ancha yangiliklarini — shahar o’sib, obod bo’lib borayotganini, lekin mashina ham ko’payib ketganini, taksichilarning ahvoli og’ir ekanini va yana xiyla narsalarni gapirib tashladi. U Vohidni ham gapga solishga urinib ko’rdi, lekin Vohid suhbatga tobi yo’q, charchagan edi. Zotan Vohid bunday olis yo’lga chiqqanida, ayniqsa mashinada safar qilganida, jim o’tirib xayol surishni yaxshi ko’rardi. Uzoq yo’l, bir-birini tez almashtirib turadigan yangi manzaralar hamisha uning ruhini erkalar, xayolida g’amginlik aralash yorug’ o’ylar, shirin orzular uyg’otardi.
Chorak soat o’tar-o’tmas shaharcha orqada qoldi. Oldinda, to olisdagi tog’larga qadar yam-yashil barra maysa bilan to’shalgan tekis dasht cheksiz-chegarasiz yastanib yotardi. Yo’lning o’ng tomon uzokdagi tepaliklargacha bo’m-bo’sh, na uy, na bir daraxt ko’rinar, chap tomonda esa xiyla oldinda, tanish qishloqlar ko’zga chalinar, ko’m-ko’k tolzorlar, oppoq gullagan bog’lar bir-biriga tutashib ketardi.
Har safar yozgi dam olish paytlarida qishloqqa kelayotib, bolaligidan tanish bu dashtni, yo’l bo’yidagi to’p-to’p bog’larni ko’rganida, Vohidning ko’ngli ajoyib bir nurga, boshqacha bir shodlikka to’lib, yayrab yozilib ketardi. Bu safar esa, bu quvonchli hislarga qandaydir ma’yuslik, sababi hali o’ziga ham ma’lum bo’lmagan bir g’amginlik qo’shilgandi. Go’yo ko’z oldida yastanib yotgan bu dashtda hech narsa o’zgarmagan, hamma narsa joy-joyida qolgan, ayni mahalda nimadir o’zgargan edi! Nimadir umr o’tib borayotganidan, beg’am, betashvish bolalik chog’lari, baxtiyor yoshlik davri endi hech qachon qaytib kelmasligini tinimsiz yodiga tushirmoqda, nimadir buni uzluksiz eslatmoqda edi...
Mashina boya xiyla uzoq ko’ringan bog’larga yetib, go’yo oppoq gulddsta orasiga sho’ng’idi. O’rik shoxlari silkinib, bir zum uylar, ko’chalar, uzokdagi tog’lar — hammasi go’yo ko’rkam oq va pushtirang yog’duga cho’milganday tuyuldi Vohidga. Mashina ko’cha bo’yidagi paxsa devorlardan osilib tushgan shoxlarga tegib, o’rik gullarini duv to’kib o’tdi. Vohid buni zavq bilan tomosha qilarkan, Roziya bilan birinchi marta o’z bog’larida olma terayotib tanishgani esiga tushib ketdi... «Yana Roziya! Menga bir nima bo’ldimi o’zi?»
Vohid o’zini mashinaning suyanchig’iga tashlab ko’zini yumdi. U endigina boyadan beri ko’nglida dam so’nib, dam qayta uyg’onayotgan g’amginlik ham Roziyaga bog’liq ekanini tushundi. Bu esdaliklardan qutulish niyatida boshqa narsalar to’g’risida o’ylashga tirishib ham ko’rdi, lekin xayoli yana Roziyaga qarab uchganini o’zi ham payqamay qoldi.
* * *
Roziya qo’shnining qizi edi. Ularning bog’i bilan Vohidlarning bog’i bir-biriga tutashib ketar, Roziyaning ukasi Sobir bilan Vohid yong’oq o’ynab katta bo’lgandi, Vohid Sobirdan uch-to’rt yosh ulkan edi. Roziya esa olti-etti yosh farq qilsa kerak, chunki Vohidning singlisi Zarifadan ko’p bo’lsa ikki yosh katta edi.
Vohid o’rta maktabni bitirib armiyaga xizmatga ketganida, Roziya beshinchi yo oltinchi sinfda o’qib yuradigan, qorachadan kelgan ozg’ingina bir qiz edi. Shunday keyin u Roziyani armiya xizmatidan qaytib kelgan yili ko’rdi. Uning bo’yi xiyla cho’zilib qolgan, biroq juda nozik, hatto nimjon ko’rinar, faqat doim kulib turadigan qop-qora yumaloq ko’zlari esida qolgandi. Hatto o’shandan ikki yil keyin, institutning ikkinchi kursini tamomlab kelganida ham Roziya uning diqqat-e’tiborini o’ziga tortmagan edi. Uchinchi kursni tamomlagan yili Vohid boshqa yoqlarga praktikaga ketib, qishloqqa kelolmagandi. To’rtin-chi kursni tugatib, dam olishga kelganida esa to’satdan Roziyani ko’rib lol bo’lib qolgandi. Ikki yil ichida Roziya bo’yiga yetib, to’lishib, shunday ochilib ketgan ediki, go’yo to’satdan tuproq orasidan topilgan tilla uzukdek, Vohidning ko’zini qamashtirib yuborgandi!
Ayni olma pishgan payt edi. Vohidlarning qishlog’ida boshqa yerlarda juda kam uchraydigan halim va shirin olma bor. Xalq uni nimagadir «Qozi dastor» deb ataydi. Qozi dastor olmaning bozori ham juda chaqqon bo’lardi.
Vohid borgan kuni Ruzvon xola ham olmalarni terdirib, do’konga topshirmoqchi bo’lib turgan ekan. Vohid kelishi munosabati bilan bu ish ertasiga qoldirildi. Vohidning olma terish niyati yo’q edi, lekin ertalab uni Zarifa uyg’otib yubordi:
— Turing, olma teramiz! — dedi u va ko’zini mug’ambirona qisib kuldi:
— Tezroq bo’ling, Roziya opam kutib turibdilar! Kun endi chiqqan, ikki bog’ o’rtasidagi osmon bilan o’pishgan teraklarning shoxlariga go’yo zar yog’ilgan, lekin bo’yi past olcha va shaftolilar, butun bog’ hali quyuq soyada edi.
Vohid o’rnidan turib, ayvondagi bir chelak sovuq suvni boshiga quydi-da, ho’l sochlarini taray-taray boqqa sho’ng’idi.
Kechasi shudring tushmagan bo’lsa ham, oyoq ostidagi maysalar, daraxt yaproqlari nam va muzdek edi.
Zarifa qayoqqadir ketgan, olmazorda hech kim ko’rinmas, faqat qushlarning chug’ur-chug’uri eshitilar, qaerdadir yaqinda tinmay bulbul sayrardi. Vohid har biri piyoladek oppoq olmalarning og’irligidan yerga tegib qolgan daraxt shoxlarini ehtiyotkorlik bilan chetga sura-sura bog’ning ichkarisiga qarab ketdi.
To’satdan daraxtlardan biri qattiq silkindi, yomg’irdek duv to’kilgan olmalar Vohidning boshiga, yelkasiga tushdi. So’ngra nimadir «chars» etib singandek bo’ldi, kimdir qulagandek tuyuldi va boshini qo’llari orasiga olib, bukilib qolgan Vohidning oldida oq ko’ylakli, nozikkina, uzun bo’yli bir qiz paydo bo’ldi.
Qizning yuzi, bo’yni, yenglari bilaklarigacha shimarilgan yalang’och qo’llari quyoshda kuyib, jigarrang tusga kirgandi. U katta bir olmani karsillatib, tish-lab, kulimsirab turar, sal qisilgan katta qora ko’zlarida: «Tanidingizmi, yo’qmi?» — degan bir ifoda jilva qilardi.
— Kechirasiz, payqamay qoldim, — dedi qiz, lekin ko’zlaridagi tabassumdan u atayin shunday qilgani ko’rinib turardi.
— Roziyamisan? — dedi Vohid, ko’zlariga ishonmasdan.
— O’xshaymanmi o’zi?
— Sirayam!
— Nega? — dedi Roziya va yana kuldi.
— Chunki... judayam ochilib ketibsan!
Roziya yarim o’pkalab, yarim erkalanib bir qara-di-yu, o’zini daraxtlar orasiga urib g’oyib bo’ldi. Bir zumdan keyin bog’ning boshqa bir burchidan uning quvnoq sho’xlik aralash ichki shodlikka to’la ovozi jaranglab eshitildi.
— Qayoqda qolding, Zarifa?
— Ha, men bu yoqdaman, bu yoqqa keling! Zarifaning ovozi mutlaqo boshqa tomondan eshitildi.
Tushgacha ikki qop, bir sandiq olma terdilar. Tushdan keyin Roziyalarning bog’iga o’tib kechqurungacha har biriga uch-to’rt pud olma ketadigan besh qutini to’ldirdilar.
U mahalda Sobir armiyada bo’lgani uchun uy-ro’zg’or ishlari Roziyaning zimmasida ekan. Shuning uchunmi yo boshqa bir sababi bormidi, ishqilib Roziyaning onasi Gulsin xola hasharchilarni juda samimiy kutib oldi, kechqurun yaxshilab mehmon qildi. Roziyaning o’zi esa ertalabgidan ham ochilib-sochilib ketgandi. U goh oshxonaga yugurib ovqat ustiga ovqat tashir, goh hasharchi akani (o’sha kuni Vohidni negadir shunday deb chaqirgandi) ovqat yemagani uchun koyir, uning ustidan oyisiga arzhol qilardi.
U bir minut ham bir joyda tinch o’ltirolmas, go’yo allaqanday jo’shqin bir kuch, yuragida mavj urgan bir quvonch ichiga sig’masdan toshib borayotganga o’xshar, gapirganda ham hadeb sadafdek yaltiragan tishlarini ko’rsatib kular, ikki o’rim yo’g’on sochlarini dam boshiga chambarak qilib o’rar, dam yechib yelkasiga tashlardi. Ba’zan Zarifa ikkisi nima to’g’risidadir qizg’in shivirlashib qolishar, so’ngra baravar qahqaha urib kulishardilar. Vohid gaplarini eshitmagani uchun kulgining sababiga tushunmas, lekin unga oid bir gap bo’layotganini ko’nglining bir chetida sezib turar, bu unga yoqar, umuman Roziya bilan o’z singlisi o’rtasidagi yaqinlik uni favqulodda quvontirar, hayajonga solardi.
Usha kuni ular yarim kechagacha suhbatlashib o’tirdilar. Vohid so’nggi ikki yil davomida bo’lib o’tgan voqeaning hammasini bilib oldi: Roziya sakkizinchi sinfni tugatgandan keyin, maktabni tashlab, shahardagi feldsherlik bilim yurtiga o’qishga kirgan ekan. Vohid kelishidan sal oldin bilim yurtini tugatib, qishloq kasalxonasiga hamshira bo’lib tayinlangan ekan.
Yarim kechaga yaqin Vohid bilan Zarifa xayrlashib ketayotganlarida, Roziya to’satdan:
— Teatrni yaxshi ko’rasizmi, Vohid aka? — deb so’rab qoldi.
— Yo’q, — dedi Vohid, — nima edi?
— O’zim...
Zarifa sekin akasining qo’lidan tortib shivirladi:
— Shaharga Toshkentdan artistlar kelishgan emish. O’shanga... Borib kelaylik, akajon!
Vohid keyinchalik eslaganda o’ziga ham erish tuyulgan bir shoshqaloqlik bilan:
— Ha, ha, — dedi duduqlanib, — boramiz! Har qalay men ham juda qiziqaman.
Roziya birdan sho’x ovozda qiyqirib kuldi.
— Bo’pti! O’zingiz olib tushadigan bo’ldingiz!
— Bo’pti!
Allanimaga sevinib ketgan Vohid, ertasiga tushga yaqin katta yo’lga chiqib, mashina topib keldi. Zarifa bilan Roziya ham kutib o’tirgan ekanlar, darhol yo’lga chiqdilar.
Shaharga juda barvaqt yetib bordilar. Kechqurungacha kirmagan joylari qolmadi. Parklarni, sayil qiladigan joylarning hammasini aylanib chiqqanlaridan keyin Roziya Vohid bilan Zarifani o’zi o’qigan bilim yurtiga boshlab bordi. Remont qilinayotgan bo’sh xonalarni aylantirib, imtihon paytlarida bo’lgan qiziq-qiziq voqealarni, shpargalka ish-latib qo’lga tushib qolayozganlarini kula-kula gapirib berdi. Keyin torgina klubga boshlab kirdi va ko’zlari charaqlab Jamila rolini ijro etganlarini eslab ketdi.
Bu gap Vohidga nimagadir yoqmadi.
— Hali artistka ham bo’lganman deng? — dedi u, kulgiga olishga tirishib.
— Bo’lganda qandoq! — dedi Roziya, — bizni o’yinimizga butun shahar bir soat tippatik turib qarsak chalgan-a!
Kechqurun spektakl juda cho’zildi. Oqibat shu bo’ldiki, Vohid to’satdan uchrab qolgan taksichiga yalinib-yolvorib, yarim kechada qishloqqa zo’rg’a yetib borishdi.
Zarifa mashina to’xtashi bilan sakrab tushib ketdi. Vohid bilan Roziya yo’l haqini kim to’lashi ustida talashib bir oz kechikib qolishganida, Zarifa mashi-nadan tushib boqqa kirib ketgandi. Roziya ham ketmoqchi bo’lib: «Xayr bo’lmasa, rahmat...» — deb og’iz ochgan, edi, Vohid:
— Roziya! — dedi yalinib, — nega muncha shoshasiz?
— Tun yarmidan oshdi-yu! — Roziya kuldi va sekin:
— Bir gapingiz bormi? — deb so’radi.
— Roziya! — dedi Vohid, — Roziya, qanday yaxshi qiz bo’libsiz!
— Rostdanmi?
— Roziya! — Vohid qorong’ilikda uning qo’lini ushlab sekin siqdi, — Roziya!..
Qiz xuddi bir narsadan seskangandek, qo’lini shartta tortib oldi.
— Agar... ikkinchi marta bunaqa qiladigan bo’lsangiz...
Vohid shoshib qoldi.
— Kechirasiz, — dedi u duduqlanib.
— Bilib qo’ying! — dedi Roziya va ship-ship yurib darvozagacha bordi, keyin bir zum to’xtab:
— Yaxshi tushlar ko’ring! — dedi-yu, g’oyib bo’ldi.
Kechasi Vohid allamahalgacha uxlay olmadi. Ko’zi yumilgan zahoti xayolida Roziya gavdalanar, dam nozik qomati, dam burun kataklarini kerib, oppoq tishlarini yaltiratib kulishlari esiga tushib, butun vujudi lovillab ketardi... Unga xush kelmagan faqat bitta narsa bor, u ham bo’lsa qiz judayam sho’x edi! Lekin ayni mahalda Vohid qizning bu sho’xligida ham ajoyib bir samimiylik, poklik, beg’uborlik borligini, bu sho’xlik hayot kuchi, ishonch, muhabbat va baxt ista-giga to’la ekanini his etardi.
O’shandan keyin Vohid yana uch-to’rt marta Roziyalarnikiga hasharga chiqdi. Nihoyat olma xazon chenak bo’ldi, lekin olma sabab bo’lib boshlangan bu muno-sabat olma xazon chenak bo’lgandan keyin ham uzilib qolmadi. Goh Vohid bir bahona topib, ko’pincha kitob so’rab Roziyalarnikiga chiqar, goh Roziya kitob to’g’risida uning fikrini bilish uchun kirardi. Lekin eng qizig’i shunda ediki, odatda bunday paytlarda boshqalarning qizlarini gap-so’z qiladigan Ruzvon xola bilan Gulsin xola bu safar hech narsa bo’lmagandek, o’zlarini ko’rib-ko’rmaganlikka olar, go’yo oqibati nima bo’lishini kutar, tug’rirog’i, ikkisining munosabatlariga jimgina xayrixohlik bildirardilar.
Bir kun Vohid yana bir bahona topib Roziyalarnikiga chiqmoqchi bo’lib turganida, uyga katta akasi kirib keldi va uni to’xtatib, mehmonxonaga taklif qildi. Ketma-ket Ruzvon xola ham kirib keldi.
Ular gapni uzoqdan, har bir inson uchun o’z juftini topib oila qurish, farzand ko’rish ham farz, ham qarz ekanligidan boshladilar va oxiri Roziyaga kelib yetdilar. Oila qurish masalasi oson emasligini, toki «Erni er qiladigan ham, yer qiladigan ham xotin» ekanligini obdan uqtirdilar. Nihoyat shu jihatdan qaraganda Roziya yomon qiz emasligini, negaki onasi Gulsin xola juda mo’min ayol ekanini, xalkda esa: «Onasini ko’rib qizini ol», degan hikmatli so’z borligini gapirib ketdilar.
Vohid onasi hadeb uni maqtab, Roziyaga kelganda qayta-qayta: «Har qalay yomon qiz emas», — deb bir pog’ona pastga olaverganidan keyin o’ng’aysizlanib: «Hadeb meni maqtab, uni yerga uravermang, hali u rozi bo’ladimi-yo’qmi? Buni qayoqdan bilasiz?» — dedi-yu, onasidan baloga qoldi:
— Men uni kelin qilmoqchi bo’libman-u, uning tegmagani qolibdi! — dedi Ruzvon xola ovozini ko’tarib, — xudoga shukur, qishlokda o’zimga yarasha obro’yim bor! Bu kelgindi tugul, bundan badavlat, bundan yaxshi xonadonlar ham og’zimga tikilib o’tiribdi, bolam. Bunaqa o’z qadringni o’zing yerga urmasdan bi-lib gapirgin, ha!
Vohidning esida bor: onasining bu so’zlari bir vaqtning o’zida unga ham g’alati tuyulgan, ham ko’ngliga yoqib tushgandi. Lekin onasining gaplariga qaramasdan, u o’rtaga odam qo’yishdan oldin, Roziya bilan o’zi bir og’iz gaplashishga xohish bildirdi.
— Gaplashsang, gaplashaver, — dedi Ruzvon xola, — «maslahatli ish buzilmas», degan eskilar. Biroq o’z qadringni bilib gaplashgin, bolam. Men kelin qil-moqchi bo’laman-u, u tegmay bo’pti. Onasi jon-jon deb o’tirganda qizi qayoqqa borardi!
Akasi esa: «Kampir zo’r, kampir malades!» degan ma’noda miyig’ida kulib qo’ydi.
Ruzvon xolaning bunday balanddan turib gapirishi bejiz emas edi. Vohidlarning oilasi burundan qishlokdagi badavlat, obro’li oilalardan hisoblanib kelardi. Uning katta akasi ham, o’rtancha akasi ham tuzuk joylarda ishlashar, Ruzvon xolaning o’zi esa, hech joyda ishlamasa ham, qishloq xotinlari o’rtasida burundan gapini o’tkazib kelardi. Ayni mahalda ish-bilarmon, uddaburon xotin deb yuritilar, usiz to’y o’tmas, ma’raka tarqamas edi. Vohid buni yaxshi bilar va onasidan faxrlanib yurardi.
Aftidan Ruzvon xola Vohidga aytgan gaplarni Gulsin xola ham o’z qiziga aytgan bo’lsa kerak, o’sha kuni Roziya ahdlashgan joylariga rangi o’zgarib keldi. Vohid buni darrov payqadi. Vohid uning to’satdan o’zga-rib qolganidan, odatdagi sho’xligidan asar ham qolmaganidan, sababsiz qizarishi va ko’zlarini olib qochishlaridan Roziyaga hamma narsa ayon ekanini tushundi-yu, birdan butun vujudi jimirlab qo’lidan ushladi.
— Eshitdingmi? Rozimisan?
Roziya qo’lini tortib olmadi, lekin javob ham bermasdan boshini pastroq egdi.
— Nega indamaysan, bir nima degin, Roziya! — Vohidning ovozi titrab ketdi.
...Roziyaning mayin, jingalak sochlaridan gul va rayhon hidi kelar, titroq lablarida asal tami bor, yoshli ko’zlarida baxtiyor tabassum jilvalanar edi.
Xayrlashayotganlarida Roziya Vohidlan bir narsani so’radi:
— Unashtirish degan gaplar bo’lmasin. Institutni bitirib kelguningizcha kutaman. Birato’la to’y qilamiz!..
Lekin Ruzvon xola bu gapni eshitgisiyam kelmadi.
— Yaxshimi, yomonmi, ota-bobolarimizdan qolgan urf-odatimiz bor. Loaqal uch-to’rtta xotinni yig’ib, unashtirib qo’yaman. Xohlasa — shu, xohlamasa boshqaga kelin bo’la qolsin!
Vohid oldin e’tiroz bildirishga urinib ko’rdi-yu, keyin onasini ko’ndira olishiga ko’zi yetmagach, qo’l siltab kulib qo’yaqoldi. U shuning uchun ham kulib qo’yaqoldiki, ko’nglining bir chetida onaning gapi unga yoqar, chunki unashtirib qo’yilsa, Roziya unga yana ham yaqinroq, muhabbatlari tag’in ham mustahkamroq bo’lib qoladigandek tuyulardi nazarida.
Ruzvon xola axir o’z aytganini qildirdi, ertasigayoq o’ziga yaqin xotinlarni to’plab qudasinikiga savlat to’kib chiqdi, lekin shunda ham kelinidan ko’ngli to’lmay kirdi, chunki Roziya xotinlarning yig’ilishiga qarshilik bildirmasa ham boshqa marosimlarni qildirmabdi.
Kechasi Ruzvon xola Vohidni oldiga chaqirib olib, uzoq nasihat qildi.
— Men boshda bilmay qolgan ekanman, kelini tushmagur juda erkatoy bo’lib ketgan ekan! — dedi u astoydil ranjib, — endi bu yog’i o’zingga bog’liq, o’g’lim... Nega jilmayasan? To’g’risiyam shu — bolani yoshidan, xotinni boshdan degan burungilar. Ungayam mana shunaqa tirjayavermasdan o’zingni bosib muomala qil! Yigit degan bunaqa bo’lmaydi, bolam!
Hamma gapini aytib tamom qilgandan keyin Ruzvon xola kissasidan ro’molchaga tugilgan bitta uzuk olib Vohidga uzatdi.
— Parpi zargarga atayin buyurtiruvdim, toza tilladan yasalgan, — dedi u va negadir ko’ziga yosh oldi,— o’z qo’ling bilan barmog’iga solib qo’y... Ilohim o’ziga insof bersin!
Vohid onasining bu topshirig’ini o’qishga ketishidan bir kun oldin, xayrlashuv kechasi bajo keltirdi.
Ular bog’ning xilvat burchagida uchrashdilar. Yaqinlashayotgan kuzning ilk nafasi sezilib turgan salkin, sokin bir oqshom edi.
Ikki bog’ chegarasidagi teraklarning uchida ilinib qolgan ko’kimtir yarim oy butun daraxtzorni, uzokdagi kirlarni qandaydir g’alati yashilnamo nurga chulg’agan, borliq kishiga tasalli beruvchi orombaxsh sukutga cho’mgan edi.
Roziya o’ziga juda yarashadigan, chehrasini ochib yuboradigan oq shohi ko’ylagini kiyib olgan edi.
Vohid qo’lidagi gazetani ariq bo’yidagi maysalarga yozib Roziyani o’tqazdi. So’ngra o’zi ham uning yoniga tiz cho’kib:
— Senga kichkinagina sovg’am bor! — dedi.
— Qani! — Roziya uzukni barmog’iga solishga qo’ymadi, Vohidning qo’lidan yulib olib, o’rnidan turib ketdi.
Uzuk unga juda yoqqan edi.
— Qanday nozik, qanday chiroyli! — derdi uzukni oyga solib.
Vohid oydinda burungidan ham nozik va qandaydir afsonaviy go’zal ko’ringan bu qizdan ko’zini uzolmas, yuragini to’ldirgan baxt tuyg’usidan boshi aylanardi. Roziya yoniga kelib o’tirishi bilan uni bag’riga bosib kulgan lablaridan, ko’zlaridan o’pmoqchi bo’ldi, lekin Roziya yuziga bir shapati urdi-da, quchog’idan chiqib ketdi.
— Siz judayam haddingizdan oshib ketyapsiz! — dedi u sekin kulib, — hadingizdan oshmang! Boring, bo’ldi, institutingizga jo’nang!
O’sha kecha, qalbida mavj urgan shodlikdan uyqusi kelmay, bog’ orqasidagi qirga oshib, sahargacha yulduzlarga tikilib yotganida, bu baxt atigi bir necha oy davom etishini tasavvur qilganmidi? O’sha kechada shunday pok va ma’sum ko’ringan bu qiz bunchalik behayo bo’lib chiqishini, uning eng aziz tuyg’ularini shunchalik haqorat qilishini, o’ylaganmidi?
Ko’nglini nurga to’ldirib yuborgan u kechada baxt cheksiz-chegarasiz, muhabbat abadiy ko’rinmaganmidi, Vohidga? Ehtimol, shuning uchun ham oradan uch-to’rt oy o’tmasdanoq ro’y bergan voqea o’sha kezlarda umrbod esdan chiqmaydigan bir fojia, unutilmaydigan bir haqorat bo’lib tuyulgandir unga!..
Hali-hali esida bor; Ruzvon xolaning «tez yetib kel!» degan telegrammasi ikkinchi yanvar kuni kechasi qo’liga borib tekkandi. U ertasigayoq yo’lga chiqqan va kechqurun qosh qorayib qolganda qishloqqa yetib kelgandi.
Sovuq shamol qumga o’xshash mayda qorni kishining yuziga ming tikan qilib sanchgan bo’ronli, yoqimsiz bir oqshom edi.
Vohid telegrammani olganda akalaridan birimi, Zarifami yo kampirning o’zimi, ishqilib, birov betob bo’lib qoldimikin, degan xayolga borgan edi. Yo’lda faqat shu to’g’rida o’ylab, ko’ngli g’ash bo’lib kelgandi. Lekin u hech qachon Roziyaning shunday qilishini, to’rt oydan beri shirin bir tush kabi dilini erkalab kelayotgan ilk sevgisi, hamma orzu-umidlari poymol bo’lishini tasavvur etmagan edi!
U mahalda Vohid juda sodda va oq ko’ngil ekanki, Roziyaga shunchalik ishonibdi. Aslida esa unga shunday pok va beg’ubor ko’ringan bu qiz, Vohid ketishi bilanoq qiliq chiqara boshlagan — tomosha qo’yish baho-nasida, ambulatoriyaning bosh vrachi Toshqora bilan yurishni odat qilib olgan ekan! So’ngra Yangi yil kechasida, spektakl bahonasi bilan yuzlarcha odamlarning ko’z oldida u bilan quchoqlashib o’pishganlari-chi? Bu ham yetmaganday, o’yindan keyin Toshqoraning uyidagi o’tirishda bo’lib, sahar paytida uyiga mast holda Toshqoraning quchog’idan qaytib kelganlari-chi? Buning hammasini o’z ko’zlari bilan ko’rgan akasining katta o’g’li bilan kelinoyisi uning jilovidan tortib qo’ymoqchi bo’lganlarida, ularning o’zlarini jerkib tashlaganlari-chi! Lekin eng dahshatlisi, Vohid qish-loqqa kelgan kechasi, navbatchilik qilayotgan Roziyani ambulatoriyaning bog’iga chaqirib olib, bevafoligining sababini so’raganida afsuslanish va kechirim so’rash o’rniga, titrab-qaqshab turib: «Ha, rost, Toshtemir aka bilan yurganlarim ham, o’pishganlarim ham — hammasi rost! Chunki... chunki u sizdan ming marta yaxshi», deb uning o’ziga chang solgan edi. Vohidga hammasidan ham Roziyaning mana shu oxirgi so’zlari qattiq tekkandi!
Vohid Toshqorani yaxshi bilardi. Aslida uning ismi Toshqora emas, Toshtemir edi. Lekin yoshligi-dayoq unga negadir, ehtimol, mo’ridan chiqqanday qop-qora va baquvvat, barzangiday bir yigit bo’lgani uchundir — Toshqora laqabini taqishgan, shu-shu ko’plar uni Toshqora demaguncha tanimas edilar. U Vohiddan bir-ikki sinf past o’qirdi, lekin armiyaga bormagani uchun, institutni undan oldin bitirib, qishloq ambulatoriyasiga bosh vrach bo’lib kelgandi. Vohid Roziyani sevib qolgan yili ham uni bir necha marta ko’rgan — u burungidan ham qorayib, pahlavon jussa bir odam bo’lgandi. Ehtimol shuning uchundir har safar Vohid Roziyaning bevafoligini eslaganda, ko’z oldiga negadir Toshqoraning qaddi-qomati kelar va xayolida uyg’ongan yomon, dahshatli o’ylardan eti jimirlab ketardi... Mana hozir ham xuddi shunday bo’ldi: Roziyaning gapini eslashi bilan butun vujudi xuddi tikan qadalganday achishib ketdi...
U xuddi yomon tush ko’rib bosinqiragandek, ko’zlarini ochib chuqur nafas oldi. Xayolidan yana boyagiday:
— Menga nima bo’ldi? — degan fikr o’tdi. Lablarining chetida pichoq tekkanday chuqur ajin tushgan joyda ma’yus tabassum jilvalandi. — Yo Mashhuraning ko’z yoshlari bejiz emasmikin? — dedi u, lekin shu zahotiyoq xayolida yana o’zini-o’zi koyib berdi:
— Muhabbatning qadriga yetmagan bunday qizning padariga ming la’nat! Unga o’sha Toshqoraday zo’ri ke-rak edi! Bir-biriga juda mos tushgandir!..
Vohid bu fikrni ko’nglidan bir necha marta o’tkazdi, lekin ajabo: mashina qishloqqa yaqinlashgan sayin yurak urishi tezlashib borar, ko’nglining bir chetida yotgan yorug’ va ma’yus esdaliklar beixtiyor qayta uyg’onmoqda edi.
Qishloq, unutilmas bolalik chog’lari o’tgan, ilk muhabbatining guvohi, hayotidagi eng mas’ud damlarning shohidi bo’lgan mehribon qishloq minut sayin yaqinlashmoqda edi... Ana xuddi dengiz ustini qoplab olgan nafis pushtirang va oppoq bulutlarni eslatib, qiyg’os gullagan birinchi bog’lar ko’rindi, uzoqda ikki qir o’rtasidagi tepalikda qad ko’targan klub ustida gulxanday tovlangan qizil bayroq ko’zga chalindi...
Vohidning yuragi gurs-gurs urar, go’yo bu qishloqda uni sevgilisi kutayotganday hayajonlanar, nafasi bo’g’ilar edi.
Nega? Yaxlit bir boqqa o’xshagan bu ko’rkam qishloqda uni nima kutishi mumkin?
— Ishqilib tinchlik bo’lsin-da! — dedi u, telegrammani eslab, so’ngra yana o’zini mashinaning suyanchig’iga tashladi-da, ko’zini yumdi...
* * *
Vohidlarning bog’i qishloqning eng chekkasida, qirning etagida edi.
Mashina to’xtashi bilanoq qayoqdandir bir zumda yopirilib kelgan yalang oyoq, yalang bosh bolalar Vohidni shovqin-suron bilan qurshab oldilar. Bu — mahallaning, qarindosh-urug’larning bolalari edi. Ulardan bir qanchasi darhol orqaga qaytgan mashinani quvib ketdi, qolganlari Vohidga qo’shilib, qiy-chuv bilan hovliga yopirilib kirdi.
Darvozadan kirgan yerda, ota-bobolardan qolgan keksa kavak tutning tagida, Vohidni Ruzvon xola qarshi oldi.
Kampir har mahaldagiday yaxshi kiyinib olgan — egnida ko’kimtir guldor shtapel ko’ylak, boshida ohori to’kilmagan oppoq shohi ro’mol, oyog’ida chiroyli amirkon kavush edi. Lekin bunga qaramasdan kampir so’nggi bir-ikki yil ichida o’zini xiyla oldirib qo’ygani sezilib turar, ko’zlarining, ingichka uch burchak iyagining ikki chetidagi ajinlari quyuqlashib, o’zi ham qandaydir cho’kib qolgan edi. U Vohidni bo’ynidan quchoqlab o’parkan, to’satdan negadir yig’lab yubordi, so’ngra chetroqda, ayvonning ustuniga suyanib, ko’kragiga tushib turgan bir o’rim yo’g’on sochlarining uchini o’ynab turgan Zarifaga o’girildi:
— Sen nega bezrayib qolding, hay yuzsiz, akang bilan ko’rishmaysanmi?
Ajabo, kampirning ovozi burungiday yo’g’on, qat’iy, o’ktam edi.
Vohid singlisiga kulimsirab qarab qo’ydi. Uning oldida ilgarigi sho’x, quvnoq, erka Zarifa emas, bo’yi yetib, qaddi-qomati to’lishgan, oppoq yumaloq yuzi uyatdan lovillab yongan chiroyli bir qiz turardi!
Onaning gapiga u «yalt» etib qaradi. Lekin Vohidga shunday tuyuldiki, singlisining chaqnab turgan katta qora ko’zlarida shodlik emas, allaqanday qo’rquv aralash bir g’azab ifodasi bor edi. Umuman uning butun qiyofasida xuddi tasodifan qafasga tushgan bo’ri bolasida bo’ladigan bir hadiksirash, taraddUA va yotsirashlik bor edi.
Vohid kulib yubordi:
— Senga nima bo’ldi, Zarifa, nega bunaqa hurpayib turibsan?
— Bunga gapirma, bu o’zi shunaqa, hech kimni tanimaydigan bir bevosh bo’lgan! — dedi Ruzvon xola va ro’molining uchi bilan ko’z yoshlarini artdi.
Zarifa onasiga ham yoqtirmagan ko’z bilan «yalt» etib bir qarab qo’ydi, so’ngra bir-bir bosib Vohidning oldiga keldi.
— Salom — dedi sekin, dedi-yu, nimagadir quloqlarigacha qizarib chopganicha uyning orqasiga o’tib ketdi.
Vohid hayron bo’lib onasiga qaradi.
— Nima gap? Tinchlikmi o’zi?
— Tinchlik, bolam, xudoga shukur.
— Telegrammangizni olib juda shoshib qoldim-u! Bir gap bormi?
— Buni mendan so’rama, bolam, akang kelsin, kelinoying kelsin, o’shalar gapirib berar! — kampirning ovozi titrab ketdi, — qarigan chog’imda adoyi tamom bo’ldim! — dedi u va yig’lamsiraganicha ayvonga ko’rpacha yoza boshladi.
Vohid aylanasiga rayhon o’tqazilgan so’riga omonatgina o’tirdi.
Hovlidagi olcha nihollari, ro’paradagi Vohidlar-nikiga nisbatan balandroq bo’lgan Roziyalarning bog’idagi qiyg’os gullagan olmalar ajib bir guldasta kashf etgan, daraxt shoxlarini silab-siypab esayotgan mayin tog’ shabadasi shunday salqin va muattar gul hidiga to’la ediki, go’yo bol totiyotganday tuyulardi kishiga. Vohid xuddi boshqa bir joyga kelib qolganday sezardi o’zini.
Roziyalarning bog’ida, yerga tekkan olma shoxlarining orasida, keng yag’rinli, novcha, qop-qora sochlarining quyuqligidan boshiga ag’darma telpak kiyib olganga o’xshagan bir yigit bir zum ko’rindi-yu, g’oyib bo’ldi.
«Kim ekan bu yigit, nahotki Sobirjon bo’lsa? Juda o’zgarib ketibdi-ku!»
Vohidning ko’nglida yana boya yo’lda, shahardan chiqib birinchi bog’larni ko’rganda uyg’ongan ma’yus, allaqandaydir yorug’ hislar uyg’ondi. Bu yerda ham go’yo hech narsa o’zgarmagan, ayni mahalda nimadir o’zgargan edi, nimadir umr o’tib ketayotganini, baxtiyor yoshlik yillari endi hech qachon qaytib kelmasligini esga solib turardi.
Ruzvon o’g’lining oldiga bir kosa qaymoq qo’yib kelinning hol-ahvolini so’rab ulgurmagan edi hamki, katta akasi bilan kelinoyisi kirib keldi. Vohidning ko’ziga ular ham so’nggi bir-ikki yil ichida juda o’zgarib ketganga o’xshab ko’rindi. Akasining kalta, to’rt burchak soqolidagi oq tuklar ko’payib, yaltirab ko’zga tashlanib turar, lab-lunjlari puflab shishi-rilganga o’xshar, qip-qizil yuzi ajinsiz bo’lsa ham, o’zi horg’in edi, entikib nafas olar, aftidan, kasalmand edi. Kelinoyisi esa burungiday qoshlarini tutashtirib, yo’g’on qilib o’sma qo’ygan, kipriklarini surma bilan qoraytirib olgandi. Lekin u ham yoshligidagiday chiroyli ko’rinmas, qarilik o’ziga zeb berishni yaxshi ko’rgan bu satangnamo xotinni ham yenga boshlagan edi. Kelinoyisi faqat bir jihatdan o’zgarmagan — burungiday so’zamol va bilag’on edi. U labi labiga tegmasdan dam Mashhuraxonning hol-ahvolini surishtirar, dam o’z hayotidan nolib ketar, dam kelin-poshshoni olib kelmagani uchun Vohiddan gina qilardi. Telegrammaga sabab bo’lgan voqeani ham kelinoyisi boshlab berdi. Lekin boya «meni qo’y, bu yog’ini akang bilan kelinoying aytib bersin!» degan Ruzvon xola, kelinoyisi gap ochishi bilan o’zini tutib turolmadi, ro’molining uchi bilan ko’z yoshlarini arta-arta, o’zi so’zlab ketdi.
Vohid Zarifaning boyagi qiliqlariga, xuddi qopqonga tushib qolgan bo’ri bolasidek hurpayib turishlariga, hadiksirab qarashlari va ko’zlaridagi nafrat alangasiga endigina tushundi.
U Sobirni yaxshi ko’rib qolganmish!
Demak, Sobirning olma shoxlari orasidan mo’ralab yurishi ham bejiz emas ekan!
Vohid kecha telegrammani olganda qanchalik tashvishga tushmasin, bunchalik bema’ni va ahmoqona bir muammoga duch kelishini tasavvur etmagan edi.
Ruzvon xola qo’llari bilan tizzasini mushtlab kuyunib gapirardi:
— Axir, yuzimga oyoq qo’yib, elu yurt oldida shunday behurmat qilgan bu xonadon bilan qanaqa qilib qudachilik qilaman? Qandoq qilib ostonasiga qadam bosaman!
Vohid o’rnidan turib ketdi. Boya kelinoyisi gapning uchini chiqargan paytda, faqat be’mani bir narsa bo’lib tuyulgan bu yangilik, Ruzvon xolaning nolasidan keyin boshqa bir ma’no kashf etib, diliga ozor bera boshladi. Gapning tagida kishining izzat-nafsiga tegadigan, kishini haqorat qiladigan bir narsa bor edi. Nahotki Zarifa, Vohid shunday yaxshi ko’rgan, qo’lida ko’tarib katta qilgan, singlim, deb erkalab yurgan Zarifa, bunchalik beandishalikka borsa? Roziya uni, Vohidni qanchalik haqorat qilganini, uning eng aziz hislarini poymol etganini ko’ra turib, uning ukasiga muhabbat qo’ysa? Sobirni deb o’z oilasidan yuz o’girsa?.. Sevgi qanchalik nozik tuyg’u bo’lmasin, nahotki uning singlisi shunchalikka borsa? Nahotki Vohidning his-tuyg’ulari bilan mutlaqo hisoblashgisi kelmasa?.. Ehtimol, Ruzvon xolaning gap-so’zlarida eskilikning, yuz yillar davo-mida qoniga singib ketgan urf-odatlarning ta’siri bordir, ehtimol, lekin chuqurroq o’ylab qaragan har bir kishi shu tobda onaning «qorniga emas, qadriga yig’layotganini tushunish qiyin emas-ku! Axir uning, Vohidning ham o’ziga yarasha obro’si, yigitlik g’ururi, nazat-nafsi bor-ku! Nahotki Zarifa buni tushunmasa?
— Bilmadim, bu surbet lo’livachcha qizimning boshini qanday aylantirib qo’ydiykin? — derdi Ruzvon xola bo’g’ilib. Tag’in tuzukroq bo’lsa ham mayli edi, shuncha yil armiyada yurib orttirib kelgan hunari shopirlik bo’pti!
— Qaynsinglimni yo’ldan urgan Sobirjon deysizmi, oyijon, o’sha shallaqi egachisi! — dedi kelin-oyisi, — o’zi shopirga tegib olgandan keyin kataysa qilish yoqib qolgandir-da!
Gap Roziya ustida borardi, Vohid yurishdan to’xtadi.
— «Qaysi shofyor? — xayolidan o’tdi uning. — Nega shofyorga tegadi? Toshqora qayoqda qoldi?»
Vohid so’ramoqchi edi, biroq shu mahal boyadan beri indamasdan qaymoqqa non to’g’rab o’tirgan akasi birdan o’shqirib berdi:
— Bas! Bo’ldi! Bu qishlokda yo u tursin, yo biz! Xalq o’rtasida boshimizni ko’tarib yurolmaydigan bo’ldik. Chaqir o’zini!
U gapini aytib tamom qilmagan edi hamki, to’satdan o’ng tomondagi olchalar shitirlab, oppoq gullari «duv» to’kildi-yu, Zarifaning o’zi chiqib keldi.
Uning ko’zlari yig’idan qizarib ketgan, burun kataklari pirpirab uchar, lekin lovillab yongan yumaloq yuzida, qisilgan lablarida, butun vajohatida ajoyib bir qat’iylik, jur’at, hech narsadan qaytmaslikka qaror qilgan odamlarda bo’ladigan boshqacha bir jasorat jilvalanib turardi.
— Mana, men keldim! — dedi u Vohidning oldida to’xtab va nafasi yetmagandek, entikdi. — Menga nima deysizlar? Mening gunohim nima o’zi?
— Voy tavba! Sharmi hayo qolmadi deganlari mana shu-da! Voy tavba! — dedi kelinoyisi.
U xina qo’yilgan kalta yo’g’on barmoqlari bilan ko’ylagining yoqasini mahkam tutamlab olgan, lekin surma qo’yilgan ko’zlarida istehzo aralash shodlik ifodasi bor, u go’yo: «Mana, maqtangan avlodlaring qanaqa bo’lib chiqdi! Ko’rib qo’yinglar!» — deyayotganday edi.
— Sizga qolsa o’zingizdan boshqa hamma behayo! — dedi Zarifa va yana entikdi. — Mana shunaqa gaplar bilan u bechoraning boshiga yetuvdilaring! Endi... Endi mening ham... — Zarifa gapira olmasdan yuzini chetga burdi.
— Hoy, menga qarang, Zarifaxon? — dedi kelinoyisi, — biz kimning boshiga yetibmiz? Nimalar deyapsiz o’zingiz?
Zarifa yig’idan to’xtab, shartta o’tirilib qaradi.
— Boshiga yetganlaring yolg’onmi? Qani uning Toshqoraga tekkani? — dedi Zarifa va tag’in boyagiday teskari burildi-da, yuzini kafti bilan bosib yig’lab yubordi.
«Roziyani aytyapti!» — xayolidan o’tdi Vohidning. To’satdan Ruzvon xola ham Zarifaga qo’shilib yig’lab yubordi.
— Sen bevosh kimga o’xshadingki, bunchalik bezbet, mahmadona bo’lding! — dedi u yig’i aralash. — Sen hali shoshmay tur! U shallaqiga Toshqora cho’tmi? U hali o’ntasiga tegib chiqadi! Xudoga ming karra shukurki, o’g’limni u yuzsizdan soqit qildi! Xudoga shukurki, undan yuz marta aqlli, yuz marta ko’hlik kelinim bor. Biz emas, o’zi ahmoq bo’lib qoldi!
Vohid garang bo’lib qoldi. Bu janjal, bu gaplarda kishini haqorat qiladigan qandaydir bir narsa bor edi. Vohid buni butun vujudi bilan his etar, janjalga barham berish kerakligini tushunar, lekin negadir jur’at etmas, nimadir uni to’xtatib turardi. Zarifa esa xuddi ko’nglidagi bor gapni aytib bo’lgandek indamas, jimgina yig’lar edi.
— Bas bo’ldi! — dedi nihoyat akasi va katta go’shtdor mushti bilan xontaxtani bir urdi. — Bo’ldi deyapman senga! Bu qishloqda yo sen turgin, yo biz!
U og’ir qo’zg’alib o’rnidan turdi va ayvonning ustunini quchoqlab, gurs etib pastga tushdi. Shunda Vohid ham birdan o’ziga keldi:
— Qo’ying, aka keragi yo’q! — dedi u sekin. So’ngra, akasi uning gapiga e’tibor bermasdan Zarifaga tomon yurganini ko’rib oldini to’sdi:
— Keragi yo’q deyapman sizga!
Zarifa yig’idan to’xtab «yalt» etib Vohidga qaradi. Uning yosh bilan yuvilgan yumaloq yuzida oldin taajjub ifodasi ko’rindi, so’ngra ko’zlari pirpirab, umid aralash quvonch bilan almashdi.
— Bor, o’zimiz gaplashamiz! — dedi Vohid.
— Akajon! — dedi Zarifa sekin titroq ovozda. U Vohidga qarab intildi ham, lekin uning yerga qaraganini ko’rib, o’zini olchazorga urdi. Olcha gullari, xuddi supra qoqilganday havoni to’zg’itib yubordi.
Akasi hovlining o’rtasida hayron bo’lib to’xtab qolgan, kelinoyisining yuzida haqorat va g’urur ifodasi bor, onasi hamon yer chizib yig’lab o’tirardi.
— Xo’sh, nima qilmoqchisan? Ruxsat bermoqchimisan? — dedi nihoyat akasi.
Vohid hanuz olchazorga tikilib turardi.
— Bilmasam, — dedi u xiyol o’ylanib, — agar ko’ndira olsalaring... Umuman... Bu ishga meni aralashtirmanglar. Men unga bir nima deyolmayman. Bilganini qilsin!
Vohid bir-bir bosib olmazorga qarab ketdi. Gullarni to’kib yubormaslik uchun olma shoxlarini sekin chetga surib boqqa sho’ng’irkan, orqadan akasining:
— Qayoqqa yo’qoldi? Bor, topib kel uni! O’zim gaplashaman! — degan ovozini eshitib beixtiyor to’xtadi.
— Boshda sizga aytuvdim, ehtiyot bo’ling devdim! — derdi akasi, aftidan, Ruzvon xolaga murojaat qilib.
— Oyimda gunoh yo’q, — dedi kelinoyisi, — hammasiga o’sha shallaqi sababchi. Qiz bechoraning boshini aylantirib qo’ygan. O’ninchida o’qib yurgan chog’laridayoq ikkisi og’iz-burun o’pishib yurardi!
Vohid bir zum orqasiga qaytgisi kelib ikkilanib turdi, keyin qo’lini bir siltadi-da, ilgarilab ketdi.
Hozirgi janjal Vohidning dilida juda og’ir ta-assurot qoldirgan edi. U Zarifa haq ekanini tan olayotgan bo’lsa ham, hatto hozir uning yonini olgani uchun o’zidan mamnun bo’lsa ham, singlisining gaplari, o’zini bu daraja keskin tutishi qalbida qandaydir yoqimsiz asorat qoldirgan edi. Kechagina maktabni bitirgan yosh qiz na uning, na onasi va na qarindosh-urug’larining istak-orzulari bilan hisoblashmasa, bu qilig’i unga, Vohidga qanchalik ozor berishini tushunmasa... Bunda o’chi bormi?! Lekin shu topda uning xayolidan chiqmasdan ko’ngliga ozor berayotgan narsa bu ham emas, uning ko’nglini g’ash qilayotgan narsa Roziyaning Toshqoraga tegmasdan, boshqa bir «shopir bolaga» tekkanligi to’g’risidagi yangilik edi!
Vohid o’shanda Roziya bilan aloqani uzib ketgan paytlarida onasiga ham, singlisiga ham xat-xabarlarida uning ismini tilga olishlarini man qilib qo’ygan. Chunki u mahalda Roziyaning ismini eshitishning o’zi og’ir edi. Shuning uchun ham bu xabar Vohidni ayniqsa taajjubda qoldirgan edi.
«Nega Toshqoraga tegmadiykin? O’zi tegmadimikin yo Toshqora ablahlik qilib, aldab ketdimikin?» — o’ylardi Vohid. Bu o’ylardan qutulish niyatida atrofiga alanglar, xayolini boshqa yoqqa burib yuborgisi kelar, lekin bu o’ylarga yana qaytganini o’zi ham sezmay qolardi. Bu muammo, agar masalaning tagiga yetmasa, faqat hozirgina emas, balki butun umr unga azob berishiga imoni komil edi.
Mana, tanasi kovak tanish olma!.. Roziya uning tepasida turib, Vohidning boshiga olma yog’dirgan, so’ngra sakrab tushib, butun go’zalligini namoyish qilgan, go’yo to’satdan topilgan tilla uzukdek ko’zlarini qamashtirib yuborgan joy xuddi mana shu edi! Afsuski, bu uzuk tilla emas, mis chiqdi!
Vohid qadamini jadallatib, olmazordan chiqib oldi. Bog’ning oxiridan boshlangan va mayin bo’liq maysalar bilan qoplangan qir, xuddi baland, yam-yashil g’aramni eslatardi...
Chap tomonda, qirning etagida chigit ekishga hozirlanib qo’yilgan katta maydon qorayib yotar, uzoqda, dalaning etagida o’rmalab yurgan traktorlar do’mbayib ko’rinar, berirokda ketmon chopayotgan qizlar saf tortgan edi.
O’ng qo’lda, qirning yon bag’rida, yakkam-dukkam bog’lar xuddi yerga qo’nayotgan oq parashyutlarga o’xshab ketar, bog’larga olib chiqadigan ilonizi yo’ldan bir yigit bilan bir qiz Vohidlarnikiga tomon tushib kelardi. Qizning egnidagi xonatlas ko’ylagi quyosh nurlarida ming tusga kirib tovlanardi...
— Yasan-tusan joyda-ku, kim bo’ldiykin? — dedi Vohid. U bir ozgacha ko’zini uzmay tikilib turdi, so’ngra birdan yuragi bexosdan qafasga tushgan qushdek pitirlab qoldi!
Atlas ko’ylakli qiz... Roziya edi!..
Vohid kutilmaganda g’alati bir shoshqaloqlik bilan o’zini olmalarning panasiga oldi. Yuragi hamon gupillab urar, o’pkasi qisilgan, xuddi havo yetishmay qolganday, hansirab nafas olardi.
Qir bilan bog’ o’rtasidan katta ariq o’tar, paxtazor tomonda omonatgina bir ko’prik bo’lardi. Gulsin xolaning bog’iga o’sha ko’prikdan o’tilardi. Ular aftidan shu ko’prikka qarab kelardilar.
Vohidning nazarida har bir minut bir soatga cho’zilayotganday edi. Nihoyat ship-ship etgan oyoq tovushlari, kulgan ovozlar eshitildi. Eri o’rta bo’yli, uzunchoq yuzli, o’spiringa o’xshagan yoshgina yigitcha edi. U o’ng qo’lidagi kaltagina tol chiviq bilan Roziyaning bo’ynini, yuzini qitiqlar, Roziya xipchinni yulib olishga harakat qilar, lekin tutib ololmasdan goh jahli chiqar, goh eriga qo’shilib kular edi.
U boya Vohidga ko’zi tushganmi, yo’qmi, ishqilib, ro’paraga kelganda, bir ozgacha boqqa tikilib bordi... Ajabo: u hech o’zgarmagan edi! Yuzi, bo’yni, qo’llari o’sha unutilmas yoz kunlaridagiday quyoshda qoraygan, sog’lom, kulganda oq tishlari burungiday yaltiraydi, bilinar-bilinmas qirg’iy burnining chetlarida, yonoqlarida, yoqimtoy tabassum jilvalanadi... Qaddi-qomati ham burun qanday bo’lsa shunday nozik novdani eslatadi, faqat ko’zlari... ko’zlari bir oz ma’yus ko’ri-nadi!..
Roziya o’tib ketishi bilan Vohid birdan holsiz-langanday bo’lib, ariq bo’yiga yonboshladi.
Yo’q, ertalabdan beri o’ylagan o’ylarining hammasi bekor edi! U Roziyani hech qachon unutgan emas, zotan unutishi mumkin ham emas edi. U endigina Mashhuraning ko’z yoshlari bejiz emasligini, bu sevgi endi butun umr uning dilida og’ir bir dard, davosiz bir jarohat bo’lib qolishini tushungan edi!..
Vohid shu ahvolda uzoq o’tirdi. U qancha vaqt o’tganini bilmas, aftidan bir-ikki soat o’tgan bo’lsa kerak, chunki qaeqdandir eshitilgan oeq sharpasi qulog’iga chalinib boshini ko’targanida, quyosh terak bo’yi balandlab qolgan edi.
Uning yonboshida, ariqning narigi yuzida, sal qisilgan qo’y ko’zlari bilan Vohidga sinovchan tikilib, bo’lajak kuyovi Sobir turardi!
Egnida harbiy gimnastyorka, oyog’ida oynaday yaltiragan xrom etik, qo’lida qalin gullagan olma shoxchasi.
— Salom, Vohid aka! — dedi u va bir sakrashda arikdan o’tib qo’lini cho’zdi, — kechirasiz, siz bilan bir gaplashmoqchi edim!
Ovozi kutilmaganda yo’g’on, do’riddoq edi.
— Xo’sh? — dedi Vohid.
U kulimsirab turgan bu chiroyli yigitga nisbatan bir vaqtning o’zida qalbida ham do’stona bir tuyg’u, ham allaqanday dushmanlik his etardi. Vohidga ayniqsa, uning kulimsirashi yoqmas, bu tabassumda qandaydir kuch, iroda, g’oliblik sezilib turardi.
— Shu deyman, o’zingiz tushunadigan, o’qigan odamsiz... Mana shu mayda-chuyda, bema’ni gaplarning nima keragi bor? — dedi Sobir.
— Qaysi gaplarni aytasiz? — dedi Vohid va tushunib turib shunday deganidan g’ijinib qo’ydi.
— Men hayronman, — dedi Sobir, — to’g’risini aytsam... qanchalik qarshilik qilmanglar... Men bari bir Zarifaga uylanaman! Shundoq bo’lgandan keyin bu mashmashaning nima keragi bor?
U yana kulimsiradi. Bu kulgidan, xuddi boshiga birov to’satdan bir chelak sovuq suv quyib yuborganek, Vohidning a’zoyi badanini jimirlatib yubordi.
«Roziyaning shuncha haqorat qilgani yetmagandek, bu surbet nima qilmoqchi yana?»
— Bari bir uylanar ekansiz, men bilan gaplashib nima qilasiz? — dedi u va nafasi tiqilib entikdi,— Uylanavering!..
Sobir hanuz uning yuziga tikilib, jilmayib turardi.
— Endi... bir tomondan qo’shnichilik, ikkinchi tomondan... Men sizni... har holda... tushunadigan yigitlardan, deb o’ylovdim.
— Yo’q, men tushunmaydigan yigitlardanman!
— Shunaqami? — dedi Sobir, — mayli, endi... o’zingiz bilasiz, ammo...
— Boring, ishingizni qiling! — dedi Vohid va uning kulib turgan chiroyli ko’zlarini, mo’ylovchasining chetidagi istehzoli tabassumini ko’rmaslik uchun shartta burilib, olmazorga kirib ketdi. Bir-ikki qadam yurgandan keyin orqasidan Sobirning:
— Qoyilman! — degan ovozini eshitib qoldi. «Uyat-andisha deganni bilmagan surbet!» — dedi Vohid xayolida. U titrar edi.
G’azab va haqorat tuyg’usi shunchalik kuchli ediki, qayoqqa ketayotganini bilmas, yuziga olma shoxlari urilib qatgiq og’ritayotganini sezmas edi. To’satdan qaerdandir yon tomonidan, oyoqlarining ostiga chetiga to’rt burchak qog’oz bog’langan bir tosh kelib tushdi,
Vohid oldin seskanib ketdi, so’ngra toshni qo’liga olib, ipini yechdi.
«Sizga ikki og’iz gapim bor, Mumkin bo’lsa kechqurun, poda qaytgandan keyin bog’ning oxiridagi mirza terakning yoniga kelsangiz... juda minnatdor bo’lardim. Roziya!»
Vohid shoshib yon-veriga qaradi. Uzoqda, olma shoxlari orasida Zarifaning ko’ylagi milt ettandek bo’ldi. Vohidning yuragi gup-gup urardi...
* * *
«Bir og’iz zarur gapim bor!.. Qanaqa gap! Nima demoqchi! Turmushga chiqqan yoshgina bir juvonning bir mahallari uni sevgan yosh yigitga nima gapi bo’lishi mumkin?»
Vohidning boshi qotib qoldi.
Tushga yaqin uning qishloqqa kelganini eshitib yor-do’stlari, maktabdoshlari yo’qlab kelishdi. Ularning ko’pchiligi o’zi bitirgan o’rta maktabda o’qituvchilik qilishar, ba’zilari kolxoz buxgalteriyasida ishlashar edi.
Ehtimol Roziya bunday qilmaganida Vohid ham o’z qishlog’iga kelib ishlagan bo’lardi, chunki moliya ins-titutini bitirishi oldidan kolxoz raisi unga ekonomistlik lavozimini va’da qilgan edi. Vohid bunga rozilik ham bergandi, lekin keyin hamma narsa alg’ov-dalg’ov bo’lib ketdi-yu, Vohid Farg’onadagi yirik kolxozlarning biriga ketib qolgandi... U hatto o’qishni bitirganidan keyin kelmagan ham edi, holbuki, do’stlarining aytishicha ikki yil ichida qishloq juda boshqacha bo’lib ketganmish... Vohid ularga qo’shilib, qishloqni bir aylanib keldi. U yo’q vaqtida ro’y bergan bu o’zgarishlarni tomosha qildi. Qishloq o’rtasidagi katta tepalik tekislanib, ko’rkam parkka aylan-tirilgan, eski uylarni yemirib o’qday to’g’ri ko’cha tushgandi. Vohid buning hammasini qiziqib tomosha qilardi-yu, biroq qaerga bormasin, kimlar bilan gaplashmasin, xayolidan Roziyaning xati ketmas, har safar uni eslaganda, yuragi o’ynab, a’zoyi badani jimirlab ketardi. Uning xayolini allaqanday notinch o’ylar band etar, dam butun vujudini issiq bir hayajon chulg’ab olardi. Ko’nglining bir chetida Vohid bu uchrashuvda gap Zarifa bilan Sobir to’g’risida borishini sezib turar, lekin Roziyaning u bilan xilvat joyda, eridan yashirin uchrashmoqchi bo’lishi... Uni bir hayajonlantirar, bir yuragiga g’ulg’ula solardi. Buning hammasi qo’shilib, miyasida yana o’sha notinch savolni tug’diradi: «Menga qanaqa gapi bo’lishi mumkin? Nima deyishi mumkin?»
Kechqurun, uchrashuv vaqti yaqinlashib qolganda, akasi bilan kelinoyisi yana kelishdi. Boya kunduz Zarifani qidirib topa olmaganlari uchun hal qiluvchi suhbat kechqurunga qoldirilgan edi. Lekin Vohid «kengashning ochilishi»ni kutib o’tirolmadi, vaqt yaqinlashgan sayin yuragi o’ynab, terakzorga qarab ketdi.
Quyosh botgan, biroq atrofidagi bog’lar, sarvqomat teraklar, uzokda oqarib turgan tog’ cho’qqilari hamon mayin nur pardasi bilan o’ralgan, go’yo quyosh butun borliqni nafis bo’yoqlar bilan bo’yagan-u, bu bo’yoq hali qurimagan edi... Tevarak-atrofdagi bog’lardan qo’y-qo’zilarning ma’rashi, bola-chaqaning qiy-chuvi eshitilib turardi. Bu g’alati ovozlar kishiga uzoq bolalik yillarini eslatar, hazin musiqaday taskin berar, osoyishtalikka undardi.
Asta-sekin osmonga chaplangan nafis pushtirang bo’yoqlar so’nib, kulrang tusga kirdi, terak yaproqlarini shitirlatib tog’ shabadasi yelib o’tdi... Vohid Roziyaning yo’liga qanchalik tikilmasin, xayolga tolib, qayoqdan kelganini payqamay qoldi.
U oyoq sharpasidan seskanib ketganida Roziya undan uch qadam narida, oldini to’sgan olma shoxini egib, uzun nozik barmoqdari bilan gul yaproqlarini silab turardi. Uning boshida yupqa oq doka ro’mol, egnida oq shoyi ko’ylak, oyog’ida oq bosonojka edi. Bu oq kiyim uni qandaydir yosh kelinga o’xshatib yuborgan, hayajonlanganidan bo’lsa kerak, olma gullarini silab, qoshlarini chimirib, uyalinqirab turishida ham yosh kelinlarda bo’ladigan boshqacha bir nazokat bor edi.
Vohid o’girilib qarashi bilan Roziya, xuddi birdan hushiga kelganday, olma shoxini chetga surib, keskin harakat bilan oldinga o’tdi va unga bir-ikki qadam yetmasdan to’xtadi.
— Salom, Vohid aka!
Qoshlari boyagidan ham keskin chimirilgan, burun kataklari sal kerilgan, ko’zlarida, yurish-turishida allaqanday bir keskinlik bor, faqat ovozi sal bo’g’iq, o’zini qanchalik dadil tutishga harakat qilmasin, hayajonlanayotgani sezilib turibdi.
Vohid undan ko’zini uzolmas edi.
Ikki yildan beri diliga ozor berib kelgan alam va haqorat hislari negadir birdan so’nib, ma’yus va muloyim bir tuyg’u bilan almashgan edi.
— Salom, Roziya! — dedi u va qo’lini cho’zdi. Roziya tortinibroq ko’rishdi. Bir nafas, bir daqiqa bir-biriga tikilib qoldilar, go’yo dillarda jo’sh urayotgan to’s-to’polon hislarni bir-birlarining ko’zlaridan o’qib olishga urinib ko’rdilar. So’ngra ikkisi ham baravar ko’zlarini chetga olib qochdilar. Roziya ko’kragidan pastga tushgan ro’molining uchlarini barmog’iga o’ray o’ynay boshladi.
Vohid nima qilishini bilmas edi. Zotan hayotidagi baxtiyor daqiqalarga, juda og’ir, dahshatli damlarga sabab bo’lgan bu qizga nima deyishi mumkin? Aytgani foydasi nima? Faqat... uni bu yerga kelishga nima majbur etdiykin? Nima demoqchi? Haqiqatan ham ukasi bilan Zarifa to’g’risida gaplashmoqchimi? Yoki shu bahona bilan uni, Vohidni tark etib, qanchalik baxtli turmush kechirayotganini ko’rsatib qo’ymoqchimikin? Yoki, aksincha, o’z turmushidan unga nolimoqchimikin?
— Ovora qilganim uchun kechirasiz... — dedi Roziya entikib, — men siz bilan ikki yosh to’g’risida bir og’iz gaplashsam devdim... Endi bularning taqdiri qandoq bo’larkin? Nima qilmoqchisizlar o’zi?
Vohid xiylagacha nima deyishini bilmay turib qoldi.
— Sizningcha, nima qilsak bo’ladi, — nihoyat dedi u, — nima qilsak to’g’ri bo’ladi?
Roziya ko’zini yerdan uzib, sekin qaradi. Vohid uning yuzidan qoni qochib, burun kataklari pirpirab ucha boshlaganini ko’rib turardi.
— Kechirasiz, men sizga qandoq qilsangiz to’g’ri bo’lishini tushuntirib qo’ygani kelganim yo’q bu yerga! — dedi u. Ovozi to’satdan o’zgargan, boyagi hayajon yo’qolib, qandaydir g’azab aralash bir keskinlik paydo bo’lgandi.
— Men sizga aql o’rgatishga ojizlik qilaman, — dedi u va xiyol jim qoldi. — Siz oliy ma’lumotli, oqu qorani bizdan yaxshiroq tanitgan bir intelligentsiz! Lekin... qachongacha bu... yaramas eski urf-odatlar hayotimizni zaharlaydi? Qachongacha baxtimizga g’ov bo’ladi? Qachongacha eng yaxshi hislarimizni haqorat qiladi? Nahotki endi shu eski urf-odatni deb, bu ikkisini ham baxtsiz qilsak? — Roziya yana boyagiday, nafasi siqilib entikdi. — Men hayronman, — dedi u birdan ovozi o’zgarib, — buni hamma o’ylamaganda ham siz o’ylashingiz kerak edi-ku? Nahotki siz ham o’ylamasangiz ?
Vohid endigina Roziyaning gap-so’zlarida, xatti-harakatlarida, o’zini tutishida xuddi Sobirning xatti-harakatlari, gap-so’zlarida bo’lganday bir hurmat-sizlik, kishini haqorat qiluvchi, izzat-nafsiga teguvchi bir andishasizlik, o’ziga ishonch, kibr borligini payqab qoldi. U o’z gunohini mutlaqo inkor eti-shi, hamma aybni allaqachon unga, Vohidga, qolaversa, eski urf-odatlarga to’nkab qo’ygani ko’rinib turardi. Aftidan u Vohidni qanchalik haqorat qilganini tasavvur ham etmas. Ruzvon xolaning Zarifa bilan Sobirning qo’shilishiga qarshi chiqishini ham faqat eskilik ta’siri deb bilar, bu qarshilikni tug’dirgan asl sabablarni naqadar chigal ekanini tushunmas, zo-tan tushunishdan ojiz edi!..
Vohid butun vujudini mayda, asabiy titroq bosib borayotganini sezib turardi. Titroq kuchayib borardi.
— Hamma aybni eskilikka ag’darishdan osoni yo’q, — nihoyat dedi Vohid. — Uning ovozi asabiy, bo’g’iq edi, — umuman... Nega endi bu to’g’rida hamma o’ylamaganda ham men o’ylashim kerak ekan? Nima demoqchisiz? Ochig’roq ayting!
Roziya olma gullarini silashdan to’xtab, katta, o’ychan ko’zlari bilan Vohidga bir qarab qo’ydi, so’ngra gullarni bitta-bitta yula boshladi.
— Kechirasiz! — dedi u anchadan keyin sekin, titroq ovozda, — men o’sha mahaldagi... hamma so’zlaringizga, sevgingizga, taqdim etgan tilla uzuklaringizga, hammasiga ishongan edim!
— Ishongan edim! — dedi Vohid. — Ishonmaslikka qanaqa dalillaringiz bor?
Roziya xuddi bir narsadan cho’chib tushganday, boshini keskin ko’tarib qaradi. Uning ko’zlaridagi boyagi ma’yus ifoda o’zgarib, uning o’rnini hayrat egallagandi.
— Agar bu so’zingiz chin bo’lsa... agar o’sha mahalda aytgan gaplaringiz rost bo’lsa, — dedi u lablari titrab, — men nimaga Toshqoraga turmushga chiqmasdan... boshqa birovga turmushga chiqqanimni bir o’yladingizmi? Buning sababini bir surishtirib ko’rdingizmi?.. — dedi Roziya va nafasi yetmaganday so’zida to’xtadi. — Uning chaqnab turgan katta ko’zlari to’satdan jiqqa yoshga to’ldi. — Yo bo’lmasa... kelinoyingiz aytgandek men hali o’nta erga tegib chiqadigan bir... shal-laqi ekanimga ishonasizmi?
Vohid yonidagi olmata suyandi va chetga qaradi. Ajabo: bir necha yildan beri dilida to’plangan alam va iztiroblar aks etib «ishonasizmi?» deb porlab turgan bu musaffo ko’zlarga to’g’ri qarash, so’z topib javob berish osonmi?
— Albatta, ishonsangiz kerak! — dedi nihoyat Roziya va yuzini ro’polcha bilan o’rab birdan ho’ngrab yig’lab yubordi. U xuddi birovdan dakki yegan yosh boladay kuyunib, yelkalari titrab yig’lar, boyagi g’urur, ishonch. Vohidga manmanlik bo’lib tuyulgan xatti-harakatlardan nishona ham qolmagan edi. Uning yig’isi faqat chinakam baxtsizlik ro’y berganda bo’ladigan bo’lakcha bir iztirobga, chuqur nidoga to’la edi!
Vohid ertalab, Roziya Toshqoraga turmushga chiqmasdan, boshqaga tekkanini birinchi marta eshitganidayoq hayron bo’lgan edi, lekin achchiq haqiqatga qanchalik tayyorlanayotgan bo’lmasin, bunchalik bo’lishini xayoliga keltirmatan, Roziyaning bu gaplari unga bun-chalik ta’sir etishini, butun xayolini ost-ust qilib yuborishini kutmagan edi!.. U Roziyaning yig’isi yura-giga ignaday sanchilib, butun vujudini timdalab yuborayotganini his etar lekin gapiray desa tilga so’z kelmas, gapirishga ojiz edi!! U faqat bir narsani — endi hech qachon o’rniga kelmaydigan bir xatoga yo’l qo’yganini, ehtimol umrbod esidan chiqmas, lekin tuzatib bo’lmaydigan dahshatli bir voqea ro’y berganini bilardi, xolos!.. Biroq bunga ishonish, buni tan olish og’ir, hatto mumkin ham emas edi!
— Shundoq ekan... Nega boshda tuzukroq tushuntirmadingiz? Nega yaxshiroq gaplashishni ham xohlamadingiz? — alam bilan dedi Vohid va sekin, qandaydir qo’rqinqirab, Roziyaning bilagidan ushladi, — esingizdami?..
Roziya qo’lini uning qo’lidan sekin chiqarib oldi.
— Siz-chi? Siz o’shanda qay ahvolda borganingiz, nimalar deganingiz esingizdami?
Ha, qanday borgani esida bor. Uyda eshitgan gaplardan alamiga chiday olmasdan, jo’shib borgandi! Roziyani ko’rganda jur’atini yo’qotib qo’ymaslik uchun, bor gapni bir yo’la aytib, haqorat qilib bo’lsa hamki, alamini olish uchun shirakayf bo’lib borgandi!.. Buning hammasi to’g’ri, lekin...
— Siz ularning yaramas, iflos gaplariga ishonib turganingizda men nima ham dyordim? Nahoti, siz yosh bir qiz uchun sevimli yigitiga o’zining begunoh ekanini isbot qilib gapirish, birovlar bilan o’ynashmaganligini dalillab berish... naqadar og’ir ekanini tushunmasangiz! — dedi Roziya entikib. — Siz o’shanda nimalar bo’lganini odamlardan bir so’rab ko’ring-chi: kelinoyingiz bilan akangizning o’g’li bosgan har bir qadamimni o’lchaganlaridan xa-baringiz bormi? Spektaklga bormaysan, deb necha marta to’polon ko’targanlarini, hatto kinoga bormaysan deb orqamdan poylab yurganlarini bilasizmi? Axiyri Yangi yil kechasi Toshtemir aka uyga uzatib qo’yaman, deb birga kelayotganlarida katta yo’lda oldimizni to’sib qanday haqorat qilganlarini bir surishtirib ko’rdingizmi?
Yo’q, Vohid buni surishtirib ko’rgan emas, chunki o’z sevgisiga vafodor qiz bunday qilishga, Yangi yil kechasida o’ltirishlarga borishga, boshqa bir erkakning kuzatib qo’yishiga rozilik berishiga haqi yo’q deb bilardi, chunki faqat bevafo va behayo qizlargina shunday qiladi deb o’ylardi, chunki akasining o’g’li, onasi va qarindosh-urug’larining Roziya to’g’risidagi har bir so’ziga ishongan edi!... Shuning uchun ham o’sha kecha ambulatoriyaga faqat bitta maqsadla, Roziyani haqorat qilish maqsadida borgandi!
Ha, buning hammasi esida bor, hammasi xuddi Roziya aytganday bo’lgandi... Lekin... Axir, Vohid bunchaligini bilmagan edi-ku! Bunchalikka borgan ekan, nega Roziya ertasiga uning oldiga kelmadi? Nega bu gaplarini o’shanda aytmadi!
— Nega? — dedi Roziya, ovozi titrab, — chunki, men sevgimizga ishongan edim! Sizni bunaqa qiladi deb, hali to’y bo’lmasdan turib sevgan qizidan shubha qiladi, deb sira o’ylamagan edim. Esingizdami, o’sha yili yozda birinchi marta uchrashganimizda, men sizni butunlay... butunlay boshqacha tasavvur etgandim! Roziya gapirolmasdan yana yig’lab yubordi...
— Butunlay boshqacha tasavvur etgandim!.. Bu... Bu qandoq bo’ldi?
Alam va afsuslanish hissi shunchalik kuchli ediki, Vohid og’riqqa chiday olmagan odamday sekin ingrab yubordi.
— Kechiring!
Roziya xuddi yomon bir xayoldan qutulmoqchi bo’lgan odamday boshini silkitdi va to’satdan qandaydir o’zgargan bosiq ovozda:
— Mayli endi, bu gaplarni bir chetga yig’ishtirib qo’yaylik, — dedi sekin, — men bu yerga hamma aybni sizga to’nkab, o’zimning begunoh ekanimni isbot qilgani kelganim yo’q. Sizga faqat bitta iltimosim bor... Bu ikki yoshning taqdirini nima qilmoqchisizlar? Bular ham menga o’xshab begunoh-beyoziq eski urf-odalarning dastidan qurbon bo’ladilarmi yo o’zingiz bir ilojini qilasizmi? — Roziya bir nafas javob kutib jim qoldi, so’ngra sekin qo’shimcha qildi:
— Men sizga ishonaman, jabr qilmasligingizga, yordam berishingizga ishonaman.
«Sizga ishonaman!» Ajabo, boya yo’lda kelayotib Roziya to’g’risida alam aralash g’azab bilan o’ylagan paytlarida, Vohid sekin aytilgan bu ikki so’zdan titrab ketishini tasavvur etganmidi? Hamon ko’z yoshi aralash ma’yus tikilib turgan bu ma’sum va go’zal juvon haliyam bo’lsa uning ko’nglini nurga to’ldirib, g’amgin va yorug’ hislar uyg’otishga qodir ekanini bilganmidi? Bu narsani xayoliga keltirganmidi?
— Xayr, menga ruxsat, vaqtingizni olganim uchun kechirasiz, — dedi Roziya, men sizga ishonaman.
— To’xtang, Roziya, — dedi Vohid va uning qo’lidan ushladi, — bir minutga to’xtang!
— Yo’q, qo’ying, xo’jayin kutib o’tiribdi, — Roziya qo’lini sekin uning qo’lidan chiqarib oldi, lekin bir-ikki qadam yurib yana to’xtadi.
— Ha, esimdan chiqibdi, — dedi u va ko’kragidan bir narsa chiqarib, Vohidga cho’zdi, omonatingizni olib qo’ying... Oldingi safar esimdan chiqib, qolib ketgan ekan...
Uning kichkina uzunchoq kaftida bir narsa «yarq» etib chaqnadi. Bu — o’sha mas’ud kunlarda, xuddi shu yerda, oydin kechada, Vohid unga takdim etgan... tilla uzuk edi!
Vohidning tomog’ini bir nima gap bo’qqanday, boshi aylanayotganday bo’lib, yana Roziyaning qo’lidan ushladi.
— Rozi, qayoqqa? Nahotki...
— Qo’yib yuboring, — dedi Roziya bosiq, sekin ovozda, — qo’yib yuboring!...
So’ngra allaqanday titroq ovozda qo’shimcha qildi:
— Qo’yib yuboring deyapman sizga! Qo’yib yuboring, yo... «Nahotki to’xtamasa? Nahotki orqasiga qaytmasa? Nahotki, u bu yerda faqat achchiq haqiqatni aytganigina kelgan bo’lsa? Nahotki uning ko’zini ochib, ko’nglida butun umr so’nmaydigan bir dard, bir alam qoldirib ketish uchun kelgan bo’lsa bu yerga?»
Roziyaning oq ko’ylakli nozik qomati olma gullariga singib ketganday bo’ldi...
Vohid olmaga suyanganicha qotib qoldi.
— Roziya! — dedi u sekin, — to’xtang, Roziya!
Hech kim javob bermadi. Qaerdadir uzokda nimadir «chirs» etib sindi.
* * *
Zarifa yostiqni quchoqlab tovushsiz yig’lar, akasi kalta moshguruch soqolini tutamlaganicha xayolga tolgan, kelinoyisi xuddi Zarifaga gapirish tugul qarashdan ham hazar qilayotgandek, og’zini oq doka ro’molining uchi bilan o’rab, teskari qarab olgan, Ruzvon xola ham yerga tikilganicha jim o’girardi.
Aftidan, aytiladigan gapning hammasi aytilib bo’lgan, nasihat, do’q, tahdid — hech narsa kor qilmagan, hammasi charchagan, nima qilishni, nima deyishni hech kim bilmagan bir vaziyat hukm surardi.
Vohid olmaning panasida bir necha daqiqa ularga qarab turdi. To’rtovining bu o’tirishida qaysi bir klassik pesasdagi vaziyatni eslatadigan allaqanday bir narsa bor edi, hatto ayvonning o’zi, undagi bu-yumlar ham sahnani eslatardi kishiga. Farqi faqat shunda bo’lishi mumkin ediki, Zarifani o’rtaga olgan bu uchovining ko’zlagan yomon bir niyati yo’q, ularning har biri shu tobda Zarifaga yaxshilik qilayotganlariga, oila nomusi uchun, Vohidning obro’si uchun jon kuydirib, hasrat chekayotganlariga amin edilar. Aftidan, ular o’shanda ham, Roziyaning har bir qadamini o’lchab, uning «uyat-andishani bilmagan bir behayo» ekanligini fosh etish uchun jonbozlik qilgan paytlarida ham Vohidga yaxshilik qilganlariga, uning obro’si, yigitlik sha’niga dog’ tushirmaslik uchun kurashganlariga imonlari komil edi. Lekin eng dahshatlisi shunda ediki, agar bugungi uchrashuv bo’lmaganda, Roziya bilan gaplasha olmaganda, Vohidning o’zi ham bunga shubha qilmagan bo’lardi!..
Vohid xuddi zaxarlangan odamday to’lg’anib, olmaning panasidan chiqdi. Uni ko’rishi bilan Ruzvon xola ovozini chiqarib yig’lab yubordi:
— Bizni hurmat qilmasang, aqalli akangni hurmatini qilsang bo’lmasmidi, yer yutkur! — dedi u kuyunib, — bu lo’livachchaga tegib olib, erta-indin akangga qaysi yuz bilan qaraysan, nima deysan, tirmizak?
Zarifa vaziyatini o’zgartmadi, faqat yostiqni quchoqlab olgan qo’llari qattiqroq titray boshladi, boshqalar esa Vohidning bir nima deyishini kutib unga tikilib qoldilar.
Vohidning ko’nglidan:
«Bu janjal, bu g’avg’o kimga kerak? — degan fikr o’tdi. — Ayniqsa qarigan chog’ingizda siz nima qila-siz shu soxta obro’, manmanlik uchun kurashib, oyi-jon?» dedi u xayolida, lekin bu gapni aytish o’rniga:
— Men jo’namoqchiman, — dedi Vohid sekin.
U a’zoyi badanini zo’r bir titroq egallab olayotganini, hozir bir portlash ro’y berishini sezar va o’zini qo’lga olishga urinardi.
Ruzvon xola shoshib o’rnidan turdi.
— Yarim kechada qayoqqa borasan? Senga nima bo’ldi, bolaginam?
Akasi ham o’rnida bir ko’zg’alib qo’ydi.
— Ketadigan bo’lsang, bu ishni bir yoqlama qilib ket! — dedi u. — Yo biz bilan bo’lsin, yo o’sha lo’livachcha bilan!
Vohid uning birdan turtib chiqqan bo’yin tomirlariga, qon quyilgan semiz yumaloq yuziga qarab, to’satdan o’shanda, Roziya ustida bo’lgan oilaviy majlis paytida ham akasi xuddi mana shunday ko’zlariga qon quyilib, titrab gapirganlari, mushtini tugib pisanda qilganlari esiga tushib ketdi. Lekin qiziq, o’sha paytda, hatto bugun ertalab ham Vohid buni sezmagan edi! Yuragining tagida nimadir go’yo o’t ola boshlagan alangadan lovillab, butun vujudini kuydirib yuborayotganday bo’lib entikdi.
— Buni tinch qo’yinglar, — dedi u past, bo’g’iq tovushda, — uni o’z ixtiyoriga qo’yaylik!
Vohid ortiqcha gapirmoqchi emas edi, shu ikki og’iz so’zni aytib uyga kirib ketmoqchi edi, lekin butun vujudini egallab olayotgan titroq yengdi-yu, o’zini tutolmay qoldi.
— Bas! Bo’ldi! — dedi u bo’g’ilib, — buni zo’rlamanglar! Umuman... bu gaplarning nima keragi bor? Besh-o’nta esi past va nodonlar so’z qiladi, — deb buni baxtsiz qilmoqchimisizlar?. Zotan... Bu soxta obro’, manmanlikni yig’ishtirib qo’yadigan payt kelmadimikin?
U titrab, nafasi siqilganidan gapirolmay duduqlanib qoldi.
— Men... biz sen uchun, sening obro’ying uchun deb jon kuydiryapmiz! — dedi akasi. — Qornimizga emas, qadrimizga yig’layapmiz.
— Rahmat! — dedi Vohid, — rahmat. Menga jon kuydiraman deb bir bechoraga shuncha tuhmat yog’dirganlaring ham yetadi! Menga jon kuydiraman deb, undan — Roziyadan judo qilganlaring ham yetadi!
Bir zum favqulodda chuqur jimlik cho’kdi, go’yo hamma Vohidning gaplarining mag’zini chaqolmay lol bo’lib qolgandi. Birinchi bo’lib kelinoyisi hushiga keldi, u xuddi chayon chaqqan odamday, sapchib tushdi.
— Voy, voy, nimalar deyapsiz, Vohidjon? — dedi u o’rnidan qo’zg’alib, — og’zingizga qarab gapiring!
— Men emas, siz og’zingizga qarab gapiring! Siz ham meni o’z tarozingiz bilan o’lchamang Tushundingizmi?! Tushundingizmi deyapman sizga?
Qaerdandir uzoqdan, qir tomondan, Vohidning ovozining aks-sadosi eshitildi:
— «Tushundingizmi deyapman sizga?»
Vohid birdan o’ziga kelib, ko’zlarini yumdi: «Menga nima bo’ldi? — xayolidan o’tdi uning, — nima bo’ldi menga?»
To’rda o’tirgan akasi qo’ltig’idagi yostiqlarini chetga surib, o’rnidan tura boshladi, lekin shu vaqt kelin-oyisi unga qarab o’shqirib berdi:
— Qo’ying, bilganlarini qilsin! Sizga nima! — dedi u va o’rnidan turib ketdi, — yaxshilikka yomonlik deb mana buni aytadilar. Ha, bilib qo’ying: bir narsa bo’lsa bular hali hamma aybni sizga to’nkashdan ham toymaydi! Tushundingizmi?
Vohid yana bir daqiqa tursa katta bir janjal, kutilmagan bir portlash ro’y berishini sezib qoldi. Buni birdan payqab qoldi va zo’r kuch bilan o’zini bosib, shartta burilib uyga kirib ketdi.
Kelinoyisi hamon gapirmoqda edi. Uning qandaydir zaharga to’la tovushi yana bir necha minut eshitilib turdi. So’ngra hamma ovozlar pasayib, jimlik cho’kdi.
Vohid qaytib chiqqanida akasi bilan kelinoyisi ketib qolishgan, Zarifa ham ko’rinmas, yolg’iz Ruzvon xola bir nuqtaga tikilib, boyagiday g’amgin o’yga cho’mib o’tirardi. U o’rnidan turib, o’g’lining bo’ynidan quchoq-ladi:
— Yarim tunda qayoqqa borasan, senga nima bo’ldi, bolam?
— Xafa bo’lmang, yozda yana kelaman! — dedi Vohid va negadir qo’shimcha qildi:
— Mashhura bilan birga kelamiz.
U nega shunday deganiga o’zi ham tushunmadi, lekin bu so’zni aytishi bilan ko’ziga yosh keldi.
— Kelinimdan o’rgilay. Nevaramga mayda-chuydalar tikib qo’yuvdim. Olib ketsang bo’lardi! — dedi Ruzvon xola, shunday dedi-yu, u ham yig’lab yubordi.
Ajabo: shunday sodda, mehribon onani ayblab bo’larmidi? Uning samimiyligidan shubhalanish, unga bir narsa deyish mumkinmidi?
Yo’q, onaning samimiyligiga shubha qilib bo’lmas edi. Lekin butun dahshat, butun fojia shunda ediki, u o’g’liga yaxshilik qilaman deb, eng katta baxtidan judo qilib qo’yganini o’zi ham bilmas edi!
Vohid uni sekin quchoqladi.
— Sizdan faqat bitta iltimos... Zarifani qiynamang. Chunki... boyagi gaplarim rost, oyi, hammasi rost...
— Nimalar deyapsan, bolam? — dedi Ruzvon xola.
— Zarifani o’z ixtiyoriga qo’yib bering, oyi! — Vohid boshqa gapirolmadi.
Kecha oysiz, hammayoq zim-ziyo, hatto atrofdagi oppoq gullagan olmalar ham negadir qop-qora bo’lib ko’rinardi.
Vohid bog’dan chiqib, endigina katta ko’chaga burilaman deb turganida, ariq bo’yidagi tollarning orasida ikki kishining soyasi ko’rindi.
Vohid to’xtashi bilan ularning biri yumshoq tuproqni ship-ship bosib yugurib keldi:
— Akajon!
Zarifa o’zini Vohidning quchog’iga tashladi, bo’ynidan quchoqlab oldi:
— Akajon! Kechiring meni! Kechiring! Vohidning tomog’ini bir nima g’ip bo’g’ib, ko’ziga
yosh oldi.
— U kim? Sobirmi? — dedi, u singlisining boshini silab.
Sobir bir narsadan tortinganday, sekin yaqinlashib kelardi.
— Kechirasiz, Vohid aka, boya bir oz... ahmoqona gap qilibman...
Vohid singlisini chetga surib, uning katta, dag’al qo’lini siqdi.
— Senga baxt tilayman, Sobir! Ikkovlaringga ham baxt tilayman.
— Rahmat sizga! — dedi Sobir.
Zarifa yana uni quchoqladi. U sekin, tovushsiz yig’lardi. Vohid uning boshini ko’tarib, peshonasidan o’pdi:
— Yig’lama, singlim! Baxtli bo’lgaysan!
Uning dilidagi boyagi dard, alam, og’riq — hammasi qayoqqadir yo’qolgan, uning o’rnini allaqanday muloyim, iliq hislar egallab olgandi. Faqat xayolining bir chetida: «Qanday qilib men o’z baxtimni o’zim boy berib qo’ydim?» degan bir fikr qayta-qayta takrorlanardi.
— Nega shoshdingiz? O’zim olib borib qo’yardim! — dedi Sobir.
— Rahmat. O’zim... bir piyoda yurgim keldi... Xayrlashib, katta yo’lga chiqqanida, labida allaqanday sho’r ta’m sezib, to’xtadi: Bu — ko’z yoshi edi!
Vohid xuddi uning yig’layotganini birov ko’rayotganday, shoshqaloqlik bilan ko’zini artib, yo’lga tushdi.
Uzoqda, yulduzlarga tegib turgan ufqda, qator chiroqlar ipga terilgan marjonday yaltirab ko’rinardi. Bu — shahar edi.
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
Lochinbek Sharopov. Muallifning She'ri
Ibrohimbek BAHODIROV. Muallifning She'ri
Bahodirov. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
Xurshid Karim. Muallifning She'ri