ZIQNALIKNING BADALI HIKOYA

No'malum. Muallifning Hikoyasi

U o'zini tadbirli deb bilardi. Ayniqsa, pul ushlash masalasida uquvi baland odamlar safida ko'rardi o'zini. U doimo davlatmand va e'tiborli bo'lishni orzu qilar va pulni behudaga sovurmasdi. Pulga bepisand va sovuqqon odamlarni u doimo Xudoning yerdagi baxtsiz va ahmoq bandalari deb hisoblar, unday odamlarga e'tibori ham, e'timodi ham mutlaqo yo'q edi.

U chorvadorlikni yoshligidan yaxshi ko'rardi va bu ish boyishning eng qulay usuli deb tushunardi. Uning qo'ylari bor edi. Qo'ylari yildan yil ko'payib borardi. Bundan u behad shodlanar va o'zini davlati ortib borayotgan inson sanardi.

Uning xotini va uch o'g'li bor edi. U shunchalik tejamkor ediki, o'g'illarining usti hech qachon yangi kiyim ko'rmasdi. Kichik o'g'il o'zidan kattasining kiyimini, o'rtanchasi akasining kiyimini kiyishga majbur edi. Xullas, to'ng'ich o'g'il uchun olib berilgan ust-bosh va hatto poyabzal ham har uchalasi uchun olib berilgan hisoblanardi.

Un saqlanadigan sandiqqa mudom qulf osilgan bo'lardi. Sandiqning kaliti doimo cho'ntagida bo'lib, ro'zg'orda non yopiladigan kun xotiniga unni o'z rasamadi bilan berar, qish qattiq kelgan yoki bahor seryog'in kelmay g'alla kam bo'lgan yillari, ayniqsa, unning sarfiga qattiq e'tibor berardi.

U ro'zg'or uchun ishlatiladigan yog' idishiga deyarli har kun tikilar, garchi yog'ni o'zi o'lchab berayotgan bo'lsa ham, negadir, juda tez kamayib ketayotgani uning tinkasini quritar va o'ylovini oshirar edi.

Go'sht yeyish va go'shtni ro'zg'orga keltirish doimo yetarli mashmashaga sabab bo'lardi. U har zamonda bir olib keladigan kalla go'shtini ming minnat bilan pisanda qilar, go'shtni haddan tashqari ko'p yeyilayotganidan, uning zarari va insonga ozori haqida gapirardi.

Uning keng hovlida yakka-yolg'iz qolib ketishiga ham aynan ana shu masala sabab bo'lgan edi.

Uning o'n va o'n ikki yashar ikki o'g'li dashtda yantoq chopardi. Ular go'shtli taomni juda sog'inishganini va go'shtli taom og'izga juda xush yoqishini onasiga aytishdi. Ular yana onasiga o'zlari chopgan yantoqdan ozrog'ini bir xaridorga sotsa bo'lishini, puliga go'sht sotib olish mumkinligini ham aytishdi. Ona bu taklifga ko'ndi. Ertasi u bolalari olib kelgan pulni olib uydan o'n chaqirim uzoqlikdagi bozorga qarab ketdi.

Ota bu gapni eshitgach, bunaqa chiqim sodir bo'lganidan ko'z oldi tinib ketdi va:

— Nonko'r, muttahamlar! — deya hayqirdi. — Meni xonavayron qilishga bel bog'ladinglarmi?!

— Kimdan olgan bo'lsang, qaytarib ber va dashtdan qaytgunimga qadar menga pulni tezlik bilan yetkaz!

Shu gaplarni aytgach u jahl bilan qo'ylarni o'tloqqa haydab ketdi.

U qo'ylarni adirga yoyib, dam olish uchun yonboshladi. Shu payt quyiroqda yantoq panasida yotgan ona-bola qo'ylarga ko'zi tushdi. U sapchib o'rnidan turib ketdi va atrofga betoqat alangladi. Tog' etagida o'tlayotgan suruvni ko'rdi. U o'zining qo'ylarini haligi sovliq tomon shoshilib haydadi. Yotgan qo'y hurkib turib ketdi, keyin bir dam yotsirab turdi-da, uning qo'ylariga qo'shildi. U qo'ylarini narigi adirga haydayotgandi. Soylikning u betidan bir o'spirinning o'ziga tomon kelayotganini ko'rdi va toqatsizlandi. Soylik xiyla keng, ikki tomoni uzun adirga tutashib ketgandi. O'spirin o'sha tomondan qichqirdi:

— Amaki, qo'yingizga begona qo'y qo'shilmadimi mabodo?!

— Yo'q! — u qat'iy javob berdi. — Pastlikka qara, u yerda qo'ylar ko'p.

— Xo'jayinimga nima deyman endi… — o'spirinning tovushi titrab ketdi va pastlikka tomon chopdi.

U haligi qo'shib olgan qo'y va qo'zini Yaratganning inoyati va bolalarining shakkokligi evaziga berilgan marhamat, deb tushundi.

U qo'ylarini o'tlatib, kunni peshin qilishga sabri chidamadi va uyiga qarab haydadi. U o'spirinni uzoqdan ko'rdi. O'spirin unga teskari tomonga qarab halloslab ketib borardi…

U kelganida uy kimsasiz edi. Tokchada bir kilogramm go'shtga yetadigan pul yotardi. Oldiniga u «Ketishsa ketishsin, qorni och qolsa, albatta, qaytib kelishadi», deya xayol qildi. Biroq u o'ylaganday bo'lmadi va o'zining xato qilganini tushundi. Shu bo'ldi-yu, oilasidagilar ortiq uni so'rab kelishmadi.

U g'amlagan oziq endi bir o'zi qishdan chiqishi uchun bemalol yetardi. Ro'zg'orga aralashaverib, non yopish va ovqat qilish kabi ishlarga o'rganib qolganidan bu ishni bemalol qila olardi.

Dashtdan qaytgach ovqat tayyorlashga kirishar, ovqatga suvni mo'l solar va bu qorin to'yishi uchun sovuq va salqin kunlarda uch kun va undan ortiqqa ham yetardi. Endi u ovqatga ozroq bo'lsa ham, go'sht solishga majbur bo'lardi. Ovqatning suvi bu qadar ko'pligidan unga oz bo'lsa ham go'sht solinmasa, aslo yeyishning imkoni bo'lmas va ovqat ko'proq taom ta'midan ko'ra, yuvindiga o'xshab qolardi.

U xo'jaligini yuritish uchun, baribir, o'zining avaylab-asraydigan qo'ylaridan birini sotishga majbur bo'lardi. Har safar ham bu majburiyat uning vujudini zirqiratar, tunlari uxlay olmas, botiniy izdihomlardan behad azob iskanjasida qolardi. Va bu banda ertangi otayotgan tongni, o'zining ta'biri bilan aytganda, jin chalgur xarajatlarning o'rnini to'ldirish yo'lini izlashdan boshlab yuborar, jon halak yelib-yugurardi va hatto mardikorlik qilishga ham tayyor bo'lardi.

Kunlarning birida atrofga qorong'ilik tushgan payt, kimdir uning eshigini qoqdi. Uni tashqarida aftodahol kiyimda bir o'spirin kutardi. O'spirin u eshik ochganidan xursand bo'ldi va unga iltijoli nigoh tashlarkan:

— Amaki, ertaga onamni dafn qilishim kerak, — dedi jovdirab. — Mana shu paltoni olib qolsangiz, hali ko'p kiyilmagan o'zi. Ertaga bozorga olib chiqsangiz, anchaginaga pullashingiz mumkin. Mening bu ishga vaqtim juda oz. Jon amaki, shuni oling! Sizni odamlar boy va insofli deyishdi.

U paltoni olganidan ko'ra o'spirinni haydab solsa, oson bo'lardi. Biroq o'spirinning «Bozor da mo'may pulga sotishingiz mumkin», degan gapi uni bu yo'ldan qaytardi. U o'zidagi tadbirkorlik va ehtiyotkorlik xislatini ishga solib zehn va zukkolik bilan paltoni obdan titkilab tekshirdi. Chiroqning xiragina yorug'iga ham solib ko'rdi. Ular uzoq savdolashdilar. Nihoyat, u bir qo'zining puliga o'spirinni ko'ndirdi. O'spirin yig'lagudek bir holda edi va qo'ra ichiga e'tibor bilan qaradi-da: «Qo'ylarga yaxshi qararkansiz, amaki», dedi va kelishuvdagi qo'zini yelkasiga olib, chiqib ketdi.

U kechasi allamahalgacha ertangi bozordagi paltodan olinadigan foyda haqida xayol surdi. Hammadan ham o'spirin aytganidek, odamlar uni badavlat sanashlaridan boshi osmonga yetdi.

Tong otishini sabrsizlik bilan kutdi. Afsuski, tongning yorishishi unga hadsiz qayg'u olib keldi. Paltoning anchagina joyi uniqqan va kiyilaverganidan juni qirilib bitgan, biroq uniqqan va qirilgan joylariga ustakorlik bilan bo'z yelimlanib, poyabzal moyi bilan ishlov berilgan edi. U chiroqning nimqorong'i shu'lasida buni ko'rmagan ekan. Palto uning qo'llaridan sirg'alib yerga tushdi. Ko'z oldi tinib, lablari quruqshadi.

U bir holatda azonlab bozorga tomon shoshildi. Kunduzi buyumning holati yaqqol bilinardi. Uning paltoga ko'z tashlashdan ko'ngli behuzur bo'lar, biroq unga yaqinlashayotgan har odamga najot ko'zi bilan mo'ltirar, paltoni bitta qo'zining puliga berishini qo'rqa-pisa aytardi. Yaqinlashganlar buyumning narxini eshitishi hamon narilar edilar. Oxiri, bu Xudo qarg'agan matohni bir yetim bolaga bitta echkining yarim narxiga bor baraka qildi.

U yo'lda kelaverib ko'zlaridan yosh tirqiradi. U endi yana ham o'zini tejamliroq bo'lishga da'vat qilishi va bunga erishishi kerak edi. U bu mudhish ko'rgulikda ehtiyotsizligi uchun o'zini o'ldirishga ham chog'lanar, endi o'zini tinmay mehnat qilish bilan jazolamoqchi bo'lardi.

U bozordan ayni peshinda qaytib keldi. U qo'ylarni o'tloqqa haydash uchun shoshilib qo'yxonaga o'tdi. U yerda uni yana bir mislsiz fojia kutib turardi. Qo'yxonaning qulfi buzilgan va hamma qo'ylar o'g'irlab ketilgan edi. Oldiniga u xuddi tush ko'rayotgandek karaxt bo'lib qoldi. Uning ko'z oldi tinib, kuchli iztirob yuragini yulib olganday bo'ldi. Atrofga yetim boladay mo'ltiradi, umidsiz va tushkun qarab turdi. Uning kuchli faryodi yig'i bilan qorishib ketdi va hushsiz yiqildi.

Kimdir uning yuziga suv sepdi. U tepasida turgan qo'shnisiga qaradi. Qo'shnisi: «Juldur kiyingan bolani yordamchilikka oldingizmi? U azonlab qo'ylaringizni o'tloqqa haydab ketdi», — dedi. U qo'shnisini birinchi marta ko'rayotgandek angrayib qaradi va ko'z oldiga kechagi o'spirin keldi. Taajjub, uning tovushini allaqaerda eshitganday edi. Birdan esiga tushdi va qaqshagancha qichqirib yubordi:

— La'nati!!!

So'ng o'spirinning ortidan yetib olish uchun sakrab o'rnidan turdi, biroq uning madori qurigan edi, borlig'ini tushkunlik va holsizlik ezardi.

Shu kez bolalari va xotinining unga doimo qo'rqib va mo'ltiragancha qarab turishlari ko'z oldiga keldi. Yana kimningdir yig'i aralash titroq tovushi qulog'i ostida uzoqlardan aks sado berdi.

Uning borlig'i nadomat va alamdan titrar edi…

  HIKOYALAR va SHE'RLAR
Vatan

No'malum. Muallifning She'ri

ЯНГИ ЙИЛ ТАБРИГИ

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Armon Qasri

Lochinbek Sharopov. Muallifning She'ri

"Yaltiroq"ga bag'ishlanadi

Ibrohimbek BAHODIROV. Muallifning She'ri

Ona tilim

Bahodirov. Muallifning She'ri

ОТА ВА ЎҒИЛ

No'malum. Muallifning She'ri

ОНАНГИЗ АСРАНГ!!!

No'malum. Muallifning She'ri

ТАҲОРАТ БИЛАН УХЛАСА

No'malum. Muallifning Hikoyasi

ФАРЗАНД ТАРБИЯСИ !!!

No'malum. Muallifning She'ri

БОРИНГИЗГА ШУКУР

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Oʻqituvchi haqida masal

No'malum. Muallifning Hikoyasi

КАРАНТИНДА ТЎЙ ҚИЛДИМ

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Created by  Master Sherkulov