QISMATGA QUL BO'LGAN QIZ HIKOYASI

No'malum. Muallifning Hikoyasi

— Ma'rufdan yana xabar keldi. Ra'yini sindirma, bolam!

Lobar onasining nima demoqchi ekanligini bildi. Yuzini ters qilib, chuqur xo'rsindi-da:

— Boshimda erim bor, — dedi.

— Bo'ldi, tugadi hammasi, — deya yostiqni shapatilab qoqqan bo'ldi-da, tag'in joyiga qo'ydi Anorgul opa. Bu yoqimsiz xabarni aytayotganda uning ko'zlariga qaramaslik uchun bahona edi. — Qaynonang kelin axtaryapti. Aniqlashtirdim. Ering qaytmaydi, baribir.

— Ajrashishimni kutib o'tirgan ekan-da Ma'rufingiz, — to'ng'illadi Lobar. — Otning o'limi itlarga bayram bo'ladi.

— Bo'ldi qil! — uning gapini bo'ldi Anorgul opa. — Kim otu, kim it bu yerda?! Buni ertaroq o'ylash kerak edi.

Anorgul opaning avzoyi buzildi. Chindan ham asabiylashayotgan, jahlga minayotgan, shu sabab kuyunib gapirardi:

— Ma'ruf it bo'ldimi senga? Ering giyohvand yoki o'g'ri bo'lsaki, el-ulus undan ayb izlasa. Ammo butun qishloq sen haqingda gapiryapti barmog'ini bigiz qilib. Bir balosi bo'lmasa, sakkiz oylik kelin qaytib kelarmidi, deyishyapti.

— Oyi!

— Nima oyi? O'zing gapni boshlaysanu, o'zing yig'lamsirashga tushasan doim. Chidamasang, gapirma. Gapirsang, o'ylab gapir!

Lobar jim bo'lib qoldi. Xo'rligi keldi. Yig'lab yubormoqchi ham edi-yu, ammo kaltak boshida sinishini o'ylab, zo'rlab bo'lsa-da, o'zini ushlab o'tirdi. To'g'rida, ona — bu ona! To'ng'iz tug'sa ham ko'zlariga surtib, bag'riga bosib, bor mehri bilan tishlarining orasida katta qiladi, baribir. Demak, nimaiki qilmaylik, baribir, doim yonimizda. Qilganimiz xato bo'lsa, to'g'rilashga, to'g'ri bo'lsa, quvvatlashga, qo'llashga hozir bo'lishadi. Ammo onalarni chetga qo'yib, xolis odam bo'lib fikr yuritilsa-chi? Lobar ikki ukasini, singlisini ko'z oldiga keltirdi. Ota uyiga qaytganidan beri loaqal bittasi uning yonini olgani yo'q. To'g'ri, ayblashgani ham yo'q, ammo ayblashga botina olishmadi, shekilli, haligacha qovoqlari ochilmaydi. Faqat bir marta, eri u yoqda qolib ketgan bir-ikkita narsani tashlab ketganida:

— Opa, anavi nomard narsalaringizni olib kelibdi, — degan edi opasiga kichkina ukasi.

Bori shu. Anorgul opa rost aytyapti. O'g'ling yomon bo'lsa, shondan, shuhratdan quruq qolasan. Qizing yomon bo'lsa, jannatdan. O'g'ling yomon bo'lsa, «ko'chaning tarbiyasi ta'sir qilgan erkak»ka, qizing yomon bo'lsa
«buzuqi»ga chiqadi. O'g'ling yomon bo'lsa, mosini topguncha uylantirishing mumkin. Qizing yomon bo'lsa, it tekkan osh. Tengi yo'q. Anorgul opaga qiyin, juda qiyin. Sho'rlik mahallaga qo'shilolmay qoldi.

— Anorgul, yaxshimisiz, qo'shni? Lobar qizingiz yaxshimi?

Nega aynan Lobar? Yana boshqa farzandlari ham ko'p-ku Anorgul opaning. Shuni o'ylab siqiladi. Boshini egadi.

— Anorgul, haligi…

Haligilari ko'p qo'ni-qo'shnilarning. Haligilari haligina boshlangan, hali-beri tugamaydi, demak. Boyaqish onasi qaddini ko'tarolmay qoldi. Elu yurtga qo'shilolmay qoldi. Shularni o'ylab yig'lagisi keladi Lobarning. Shularni o'ylab har narsaga tayyor Lobar.

Lobarning jimgina o'tirganini ko'rib, Anorgul opa ham biroz yumshadi. Aftidan, sukut alomati rizo deb o'yladi, shekilli. Qiziga tasalli bo'ladigan gaplar bilan boshladi gapini.

— Hammasini ko'ra-bila turib ham uylanmagan, tog'ni talqon qiladigan, maqtasang ham haqi qolib ketadigan yigit «Menga turmushga chiq», deb tursa, peshonangga surtish o'rniga it, deb haqorat qilib o'tirsang!

— Qanday tegaman axir, oyi! — tutaqib ketdi Lobar. — U-ku maktabda o'qib yurgan paytlarimizdan beri ergashib kelgan ortimdan. Bilaman, yaxshi ko'rishini. Ammo uyidagilar-chi? Ularning ko'ziga qanday qarayman?

— Tovoniga qo'shib yuragini yirtib, zo'rg'a yetgan baxtini o'zi asraydi Ma'ruf, — Anorgul opa boshini sarak-sarak qildi. — Boshqa gapni bilmayman.

— Qachongacha?! A?! — baqirib yubordi Lobar. — Hozir yoshman, chiroyliman! Ammo keyin nima bo'ladi? Tog'lar ko'tarolmaydigan gaplarga u qanday chidaydi?! Baribir, bir kuni yoriladi, oyi. Oxiri bir kuni yuzimga soladi. Erdan chiqqansan, deydi. Haydalgansan, bir baloying bo'lgani rost, deydi axir. Keyin nima qilaman? Nima qilaman, ayting?!

Ona javob berolmadi. Qizining asli qandayligini juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham tuhmat ekaniga ishondi ona. Shuning uchun ham kuyovining emas, qizining yonini oldi bechora mushtipar. Shuning uchun ham yelkasiga urib, ostonadan «O'zingning uyingga qayt», deya erinikiga qaytarib yubormadi qizini. Qizimga ishonmasa, qanday
baxtli qiladi, ertaga qanday yashaydi, deb bag'rida olib qoldi. Kuyoviga qasd qilib, uylanmagan yigitga, bo'ydoq yigitga «Xo'p», deb yubordi. Kuyovining alamdan ichaklari uzilib tushishini istadi-da.

— Kerak emas, oyi, qiynamang, iltimos! Er ko'rganlarning bittasi menmi?

— Jon qizim, quloq sol menga. Baxtingni o'ylayapman axir. Shuncha gap-so'zdan keyin ham «O'laman sattor, shuni olaman», deyapti-ku. Xudoning yozgani bor ekan, baribir, yo'llaring tutashdi. Yo'qsa, nima qilgin deysan-a? Yurakning qurtini o'ldirib o'zing ham bir nima degin. Undan ortiq kimga tegmoqchisan? Xotin qo'ygangami? Bir marta qo'ygan ikkinchisiga ham jon kuydirmaydi-da, og'zi kuygandan keyin! Yo xotini o'lgangami? O'gay ko'zlardan panada yurolmaysan bir umr. O'gayni eplaguncha esing ketadi.

— Toq o'taman, boya aytdim, er deganini ko'rdim.

— Bekorlarni aytibsan! Bu gapni adashib ham, hazillashib ham tilingga ola ko'rma. Toq o'tayotganlarning bittasi menman.

— Menga hech kim kerakmas, oyi.

— Kerak. Senga kerak bo'lmasa, ukalaringa kerak. Mening ko'zim ochiqligida o'pka to'ldirib nafas olyapsan. Ertaga mendan keyin ukalaringga og'iring tushadi.

— Oyi?!

— Gap tamom. Ovqatim tagiga oldi.

— Tegmayman, baribir, unga.

Lobar yelkalari silkinib-silkinib hiqillay boshladi. Ammo tegmaganiga qo'ymadi qarindoshlari. O'ziga qolsa-ku shu Ma'rufga tekkandan ko'ra toq o'tishni afzal ko'rardi. Uni juda yaxshi biladi, sinfdosh bo'lishgan. Aslida, yomon bola emas-u, ammo rashk bobida unga yetadigani yo'q. Maktabda o'qib yurgan kezlarida ham shu ahvol edi. Nafaqat sinfdosh, balki butun maktabda biror yigit yo'q ediki, ko'z qiri Lobarga bexosdan tushib ketgani uchun Ma'rufning mushtini yemagan bo'lsa. Nigora degan sinfdoshi hamisha unga havas qilardi: «Qaniydi meni ham kimdir shunday sevsa…»

O'sha paytlari Lobar o'lsam ham, tegmayman unga, derdi. U bilan yasholmasam kerak, deb o'ylardi. So'ng maktabni tugatishdi. Institutda boshqa-boshqa guruhda bo'lsa-da, bir kursda o'qishdi. Ma'rufning ham aqli kirib qoldi. Biroz og'ir-bosiq bo'ldi. Ammo bu ham Lobarning ko'nglini yumshatolmadi. So'ng esa xolasining tili bilan aytganda, «boshidan suv o'girib ichsang, arziydigan bola» bo'lmish Farhodga tegib ketdi. Ma'ruf qolaverdi hali zaxga bag'rini bosib, hali bolaxonaning tomiga chiqib olib to'lin oy bilan suhbatlashib. Hali qorong'i xonaga kirib olib, «To'ying kuni to'yib yig'ladim» qo'shig'ini qayta-qayta eshitaverdi, eshitaverdi…

Hammasi iziga tushib ketgandek edi-yu, ammo kutilmaganda vaziyat o'qidan chiqib ketdi. Fazliddin internetga mukkasidan ketgani uchunmi, bir kun bitta qiz bilan tanishmasa, o'sha oqshom shaytonlab qolardi. Tanishlari ham o'ziga o'xshagan bezbet, qizlar esa behayo qizlar edi. Bir kuni internetda bir qiz bilan tanishib oldi. Gap-gapga ulanib, juda yaqin bo'lib ketishdi. Munosabatlari g'oyibona bo'lsa-da, juda yaqin edi. Keyinchalik qiz uni sinash uchun ismini boshqacha aytganini, aslida, ismi Lobar ekanini aytdi. Endi sizga ishonaman, dedi. Erimda ko'nglim yo'q, men sizni yaxshi ko'raman, dedi. So'ng rasmini ham jo'natdi. Fazliddin karaxt bo'lib qoldi. Ismi Lobar, surati ham uniki. Qo'llari qaltiray-qaltiray arang raqamini so'radi. Qiz jo'natdi. Dovdirab, talmovsirab qolgan Fazliddin shartta qo'ng'iroq qildi. Narigi xonada, akasining xonasida qo'ng'iroq jiringladi-yu, zum o'tmay sakkiz oy oldin xonadonlariga kelin bo'lib tushgan kelinoyisining ovozi yangradi:

— Allo!

* * *

Lobarning yig'lab-siqtashlarini aytmaganda to'y ko'ngildagidek o'tdi. Xavotir bekorga ekan. Nafaqat Anorgul opa, balki Lobarning o'zi ham his etdi Ma'rufdan baxtli odam yo'q ekanini o'sha kuni. To'ymisan to'y bo'ldi. Anorgul opa naq yetti mahallaga ko'z-ko'z qildi. Shu bilan elga, yurtga bildirib qo'ydi qizining aybi bor yo yo'qligini. Hamma shod, hamma xurram edi. Nihoyat, to'yning yugur-yugurlari ham ortda qoldi. Ma'rufdan baxtli odam yo'q. Xotinining tevaragida girdikapalak. Hali ko'ngliga qaraydi, hali qoshida parvona bo'ladi. Lobar ham bora-bora unga o'rgana bordi. Unchalik rashkchi yo jahldor emas ekan. Ko'ngliga yo'l topsa bo'larkan. Qoplonni qo'lga o'rgatgan qiz haqidagi rivoyat bejizga yaratilmagan ekan.

Xullas, hammasi iziga tushib ketdi. Ma'ruf yana ishga chiqa boshladi. Ana shunda Lobarning ko'ngliga g'ulg'ula tushdi. Qaynotasi ishda bo'ladi. Eri ham ishga chiqdi. Uyda qaynonasi va ikkita qaynsinglisi bilan yolg'iz qolishini o'ylab, birinchi kundanoq dilini biroz vahima bosdi. Hayiqayotgan edi. Ustiga ustak, oilasi meni xushlamaydi, degan fikrda edi. Shuning uchunmi, erini ishga kuzatishi bilanoq ko'zdan nariroq bo'lishga harakat qildi. Baxtiga qaynsinglisining o'zi yumushlar ko'pligini aytib qoldi. Bu yaxshi, ish bilan andarmon bo'lib, hamma narsani unutadi. Ish bir dunyo ekan. Mehmonlarning keldi-ketdisiga xalal beradi, oyog'ini uzatib o'tirisholmaydi, deya to'yoldi yig'ishtirib tashlangan barcha narsalarni yuvib-tozalab, hammasini xona-xonasiga joylab qo'yish lozim edi. Lobar kichkina qaynsinglisi bilan ishga sho'ng'ib ketdi.

— Kelinoyi, mana bu noutbukni ham shu yerga olib kelaverdim, — dedi qaynsinglisi ularning xonasiga kirib, guldonlarni artish bilan ovora Lobarga.

— Keling, Go'zaloy, bu akangiznikimi?

— Ha, quvvatga qo'yib, tekshirib ko'ring, ishlashi kerak. Ishxonasi kompyuter berguncha shuni ishlatib yurardi. Keyin tashlab qo'ydi, — dedi Go'zaloy va qo'lidagi noutbukni kelinoyisining qo'liga tutqazib, tashqariga chiqib ketdi.

Lobar shunday qildi. Kompyuterni quvvati to'lgunigacha yana u-bu yumushlar bilan mashg'ul bo'ldi. So'ng noutbuk esiga tushib qolib, uning ishlash-ishlamasligini sinab ko'rdi. Dasturlariga kirdi. Hammasi joyida. Ashula qo'yib ko'rdi. Binoyidek ishlayapti. So'ng internetga uladi. Internet yonishi bilan zum o'tmay, ekranning bir burchida elektron xatning belgisi yonib-o'chdi. Qiziqishi ortgan Lobar «ok» tugmasini bosgan edi, ekranda uning rasmi paydo bo'ldi. Xatlar esa oqib kelardi…

  HIKOYALAR va SHE'RLAR
Vatan

No'malum. Muallifning She'ri

ЯНГИ ЙИЛ ТАБРИГИ

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Armon Qasri

Lochinbek Sharopov. Muallifning She'ri

"Yaltiroq"ga bag'ishlanadi

Ibrohimbek BAHODIROV. Muallifning She'ri

Ona tilim

Bahodirov. Muallifning She'ri

ОТА ВА ЎҒИЛ

No'malum. Muallifning She'ri

ОНАНГИЗ АСРАНГ!!!

No'malum. Muallifning She'ri

ТАҲОРАТ БИЛАН УХЛАСА

No'malum. Muallifning Hikoyasi

ФАРЗАНД ТАРБИЯСИ !!!

No'malum. Muallifning She'ri

БОРИНГИЗГА ШУКУР

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Oʻqituvchi haqida masal

No'malum. Muallifning Hikoyasi

КАРАНТИНДА ТЎЙ ҚИЛДИМ

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Created by  Master Sherkulov