No'malum. Muallifning Hikoyasi
Talabalarimga savol berdim: "OTA KIM ?".
Shoshilib, o'ylanib berilgan javoblar bir talay bo'ldi, ammo miskin yuragimni tebrataolgan yagona javob esa mening iforim kelib turadigan bir talabamning mahzun javobi edi...
Ota - bu, chaqaloqligimdan meni sulton bolam deya erkalatib, o'g'il ko'rdim, rabbim o'zingga shukr, to'y qilaman endi, yurtga dasturxon solaman, elga xisobot beraman deb men bilan mag'rurlangan inson, erkaligim, harhashalarimni ko'targan, qo'limga berilgan o'yinchoqni yuz marta otib yuborsam ham toychog'im deb erkalab yana qo'limga olib kelib bergan, takror va takror bergan bema'ni bolalarcha savollarimga erinmay oliyjanoblik bilan javob bergan, sabri osmon panohim, meni, oilamni, aka-ukalarimni kiydirish, yedirish, o'qitish uchun huzur-xalovatini bilmagan, to'yib uxlolmay, to'yib ovqatlana olmay, o'z luqmasini ham bizga ilingan, tunlari ertangi kunimiz, kelajagimizni o'ylab rejalar tuzib, bedor bo'lgan, farzandlarimni hech kimdan kam qilmayman deb mehnat qilgan, ulg'aygach ham barcha turdagi xarajatlarimizni beminnat qoplagan, uylash, joylash majburiyatida yurgan xotamtoyim!!!
Men, do'stlarim bilan bir chaqirimgina joyga ham kirakashning ulovida ketayotganimda, o'n chaqirim uzoqlikdagi manziliga ham piyoda borib, piyoda keladigan, oshxonada yoki kafeda do'stlarim bilan ulfatchilik qilib o'tirganimda ishidan so'ng kimningdir xonadonidagi yumushlarini bajarib, pul ishlagan, bozorning eng oldi tuflisini kiyib, davralarni ko'rki bo'lib o'tirganimda oyog'idagi yirtiq tuflisida iymanibgina to'yu marakalarga borgan sohibqironim, suyangan tog'im, belimning madori, ko'zimning nuridir otam!
Otalar foto
Bir og'riqli voqeani azob bilan eslaymanki, xali xali vijdonimdan uyalaman! To'yga bordik, ayam, men yasanib olganmiz, otamdan tashqari. (Ayam rahmatlikni aslo e'tiborsiz, johil ayol deyolmayman, odatda ayollar va bolalar yasanishardi bunday marosimlarda) Oyog'imdagi amirkoni oyoq kiyimi hammani ko'zini qamashtirgani uchun ammamnikidagi to'yda, uni yechib, artib o'zim bilan ichkariga olib kirib ketdim. Chiqayotib esa eshik tagida turgan eng ko'rimsiz, choki so'tilgan kattalar oyoq kiyimini ezib, jirkanib, oyoq kiyimimni kiydim.
Ha, ha, to'g'ri topdingiz, men tarbiyasizni qancha ayblasangiz ham, shuncha oz, menga keyinroq ma'lum bo'lishicha, u mening otamning, kamsuqum padarimning to'yu hashamlarga kiyib boradigan oyoq kiyimi edi! Tushinib yetdim, lekin juda ham kech, uzoqlashganim sari qadri yanada oshib borayotgan otam, qiblagohim otam! Meni kechiring! Bilasizmi, bugun o'sha men jirkanib ezg'ilagan oyoq kiyimingiz o'yimning to'rida, qalbimning qo'rida, ko'zimning qarog'ida otajon!
Har qo'limga olganimda yuragim yig'laydi, armonlarim izg'iydi, meni jonidan ortiq sevgan otam, tentiraklab yurgan noshukr bolasini tongga qadar kutgan otam, aslida meni onam emas, onam emas, yuragidan tuqqan otam!!!
Biz farzandlari uchun boshini egib, keraksiz joyda ham kechirim so'rab, o'zi uchun emas, biz uchun g'ururini qurbon qilgan otam!
Ba'zida ularni kiyinishidan, qariganligidan or qilib, to'kin dasturxon solamizda, to'riga, fotiha kilishi uchun ularni o'rniga zamon xukmronlarini o'tqizamiz!
O'zini sansirab, bizni sizlab katta qilgan, ko'z qorachig'iday asragan, turmushning barcha mushtiga ko'ksini qalqon qilgan, bizni ana o'sha kazo-kazolar safiga qo'shgan, amalu sifat, rang ulashgan o'sha kamsuqum, nogiron otamizdan afsuski, bugun or qilamiz. Kecha faqatgina uning qalbiga, mehribon ko'zlariga, qadoq qo'llariga qarab, yagonam otam degan ko'zlarimiz, bugun kattaroq ochilgan, bugun atroflicha razm soladigan bo'lganmiz!
Aytingchi, bolaligimizdagi tinimsiz mehnat qilganlaridan tandirda pishayotgan nonning bebaho iforidek qadrli, yoqimli bo'lgan, ko'nglingizni mast qilgan, otangizni xididan bugun ham mast bo'la olasizmi, uni avvalgidek quchib, soch soqollaridan xidlab yuzlaridan o'pa olasizmi?...
...Rostida, olib bergan qimmatbaho liboslarimizni kiyishni bilmaganidan, unga yarashmaganidan, biz sanagan "oliy toifali" insonlarga o'xshamaganidan g'ijinib qo'yganingizni, or qilganingiz yoki xijolat bo'lganingizni eslayapsizmi?!
Aslida siz olib bergan arzimas, o'tkinchi matohlar qimmatbaho emas, otangizning pokiza qalbi, mehr to'la ko'zi, qadoq qo'li, o'sha cho'loq oyog'ining asil
bahosi yo'qligini, qarshingizdagi oliy toifali inson esa faqatgina otangiz ekanligini bugun tushinayapsizmi?!
Qayerdan ham bilarding sen nodon!!! Otangdan emas, aslida o'zingdan or qilishing kerak emasmi, jigarim!
Kechagina, yoshlik chog'ida seni yelkasiga ko'tarib, erkalatib yurardi.
Bugun esa, seni bo'ying unikidan baland, uni qo'lidan ham ushlashni xohlamaysan. Ha, ha, bugun boshdan oyoq razm solishni o'rgangansan!
Kechagina gapirishni ham bilmasding, chuchuk tiling bilan gapirishga qiynalib xatolar qilarding.
Qanchalik malol kelmasin, u sening otang, unutdingmi yoki do'stim?!
Otang to'ng'iz bo'lsa, tomga aslo chiqma jigarim!
Ota rasm
Bolaligingda seni tentakliklaring, erkaliging, jinniliklaringni ko'targanidek, sen ham uni bugun qarigan chog'ida, bemorligida keltiradigan mashaqqatlariga mamnuniyatla bardosh ber. Unga yanada marhamatli bo'l. Sendan boshqalar ibrat olsinlar, otasi yo'qlar otasini yana bir bor ko'rishni senga qarab orzu qilsinlar!!!
Talabamning javobidan, xonada qizlarning o'pkasi to'lib yig'lashiyu, yigitlarning ko'zidagi achchiq ko'zyoshlaridan bechora yuragim, g'arib ko'nglim, yetmish chokidan so'kilib turgan bir mahalda, bir ziyrak, yaramas talabam mendan: hayotda siz kimni ko'proq yaxshi ko'rasiz, ustoz deb so'rab qoldi...
Yoshligimdan u sababli, o'gay ota qo'lida, rahmat, rag'bat, otaning mehri, erkalashlari, ota tizzasining tafti nimaligidan mosuvo bo'lib o'sganligimga qaramay, mag'rur turib, unga bo'lgan cheksiz xayronligim, intiqligim, doim eshik ochilganida xuddi kirib kelayotgandek tuyilaveradigan aziz va g'oyib insonim, bolaligimdagi uni qumsab, xidini axtarib topolmay izzillab yig'lagan bolakayni chala qolgan mehrini to'ldirishini bir umr qumsab yashagan ulug'imni -Otamni yaxshi ko'raman dedim!
Otam, ha otam, garchi bu ulug' so'zning toshini ko'nglim, g'arib ko'ngil tarozisi zarracha bosmasada, otam men uchun qalbimda eng yaxshi ko'rganim bo'lib qolaveradi. Hammadan, meni qismatimdan xabardor yaqinlarimdan, ayniqsa buvijonimdan, meni bir ko'zi bilan boqqan, rahmatli onamning onasi bo'lgan mehribonimdan takror uzr so'raymanu, lekin ko'nglimning tubidan kelayotgan o'sha iztirobli nidoni maqullayman, hech kim otaga o'xshamaydi!...
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
Lochinbek Sharopov. Muallifning She'ri
Ibrohimbek BAHODIROV. Muallifning She'ri
Bahodirov. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
Xurshid Karim. Muallifning She'ri