No'malum. Muallifning Hikoyasi
* * *
Odamzod qiziq ekan. Yaqin insonlar qadriga juda kech yetarkan. Yetarkan-u, ammo kech bo'larkan. Shunda biz ko'ksimizga mushtlagancha, boshimizni xam qilgancha sukutga tolarkanmiz, ko'zlarimizdan, xuddi o'sha qadrdonlarimizni vaqtida ko'ra olmagan ikki ko'zimizdan shashqator yosh oqaverarkan, oqaverarkan…
Men ham dunyoning ko'zga ko'ringan shaharlaridan birida dunyoga kelganman. Oyijonim meni yeru ko'kka ishonmay, ardoqlab, opichlab katta qilgandi. Oradan yillar o'tib, nihoyat oila qurdim, suyukli rafiqam bilan ahil-inoq yashay boshladik…
Kim bilsin, ro'zg'or yuki shu qadar og'ir bo'ladimi, ish, oila, bola-chaqa deb dunyoni unutayozibman. Farzandlarimga o'yinchoqlar sotib olganimda, ulardan-da ko'proq sevinibman, do'ppimni osmonga otib, hayotimdan mamnun yashayveribman. Ana shunday kunlarning birida, aniqrog'i, kechqurun ishdan qaytsam, rafiqam yuzlari tundlashgancha tek o'tiribdi. Odatda, men ichkariga kirganim hamono, darrov kelib qo'limdagi sumkani olar, jilmayibgina ko'ksimga bosh qo'yishni kanda qilmasdi. Bugun esa aksi bo'ldi. Peshvoz ham chiqmadi, jilmaymadi ham. Men ko'nglimga bir siqim qorong'ilik tushib unga yaqin bordim.
— Senga nima bo'ldi? — so'radim uning yelkasiga qo'limni qo'yib — Biror yering og'riyaptimi?
— Bugun ertalab menga bergan va'dangiz esingizdami? — so'radi rafiqam istar-istamas boshini ko'tarib — Faqat to'g'risini ayting!
— Ha, — dedim jonlanib. — Bugun ishdan keyin ikkalamiz tuzukroq kafega borib ovqatlanmoqchiydik. Va'dam esimda turibdi. O'zing haliyam tadorigingni ko'rmabsan-ku! Yo biror yering og'riyaptimi? Do'xtir chaqiraymi?
— Eslolmadingiz, — dedi rafiqam ma'yus tortib. — Ha, mayli, bu hozir muhim emas. Sizga aytmoqchi bo'lganim boshqa gap edi.
— Qanaqa gap? — so'radim beixtiyor yuzimdan qon qochib. — Chaynalmasdan ayta qolsang-chi odamning yuragini yormay!
— Birinchidan, — shoshilmay gap boshladi u. — Biz kafega ertaga tush paytida bormoqchiydik. Ikkinchidan, sizni yana bir ayol kutyapti. U siz bilan birga kafeda o'tirib ovqatlanishni mendanam ko'proq kutyapti. Xo'sh, o'sha ayolni tushlikka olib borasizmi?
— Jinnimisan? — o'zim sezmagan holda tutoqib rafiqamga yeb qo'ygudek tikilib baqirdim. — Qanaqa ayol? Men hech kimga hech qanaqa va'da bermaganman! O'ylab gapiryapsanmi?
— O'zingizni bosing, — dedi u kulimsirab. — Men aytgan ayol judayam yaxshi, mehribon.
***
Ochig'i, xotinimning kutilmagan gaplari hiqildog'imga kelgandi. Ammo nima qilishni bilmasdim. Negadir vujudim titrab, go'yo jiddiy xatoga yo'l qo'ygan askar kabi alanglay boshlagandim. Yo'q, begona ayollarga hech qanday va'da bermaganimni bilardim. Lekin baribir ko'nglimni xavotir buluti chirmab ulgurgandi. Chunki azaldan ayol zotiga ishonmasdim. Xuddi shu narsa meni qo'rquvning ming turli ko'chasiga boshlardi. Asosan, ishxonamdagi bir-ikkita tili uzun juvonlardan hayiqa boshlagandim. O'shalarning birontasi xotinimga yolg'on-yoshiqni aytib tomosha ko'rish ilinjida ekaniga sira shubham qolmagandi.
«Ablahlar, — o'ylardim ich-etimni yeb. — Nega bunday qilishadi-a ayollar? Birontasiga ola qarasam ham alam qilmasdi. Nimaga baxtimga chang solishadi? Bundan nima naf ko'rishadi? Chigili yoziladimi? Yo shunday qilsa men xotinim bilan ajrashaman-u, tegib oladimi? Tegib bo'pti! Yaramaslar!. Ha, mayli, bo'lar ish bo'lgan ko'rinadi. Endi peshonamdagini ko'raman. Umuman, nega tipirchilab qoldim? Xotinimdan qo'rqibmi? E, bilganini qilmaydimi? Osmon qo'lida bo'lsa tashlab yubormaydimi ustimga? Jonga tegdi-ku hammasi!..»
— Xo'sh, esladingizmi o'sha ayol kimligini? — xayolimni bo'lib so'radi xotinim. — Yo eslatib qo'yaymi o'zim?
— Qani, eslat-chi, — dedim unga o'qrayib. — Bir eshitay-chi!
— U ayol mening suyukli qaynonam.
— Nima?
— Ha, qaynonam Ro'zigul aya. Ya'ni, sizning onangiz. Sho'rlikdan bir oy bo'ldi xabar olmaganingizga. Bugun o'zim borib holidan xabar opkeldim. Sizni gapirib yig'ladi bechora onangiz. Men bo'lsam u kishini yupatdim, tinchlantirdim. Ertaga albatta kafegaolib borib mehmon qilishingizni aytdim. Ishonasizmi, judayam xursand bo'ldi. Yayrab ketdi!..
Bu xabar men uchun haqiqatan kutilmagan edi. Xotinimdan onajonim haqida shirin so'zlarni eshitib qalban, xayolan o'zimni la'natlay boshladim. Boyagina paydo bo'lgan shubhalar o'rnini alam, nadomat tuyg'usi egalladi. Ha, endi o'ylab ko'rsam, rostdan ham oyimdan bir oy burun xabar olgan ekanman. Xotinim ham hisoblab yurgan ekan-a shuni! Men-chi? Men ishim ko'pligini ro'kach qilishdan bo'shamasdim har gal. Axir, necha marotaba otlandim, otamning izlari qolgan o'sha qadrdon hovliga borishga, oyijonimni ko'rib xotirjam tortishga chog'landim. Nega bormadim?
— Sen haqsan, — dedim xotinimga javdirab. — Rostdanam ro'zg'or, ish deb onamdan xabar olishni unutibman. Ammo… Juda yaxshi o'ylabsan. Uchchalamiz birga tushlik qilamiz.
— Yo'q, — dedi xotinim norozi bosh chayqab. — Tushlikni faqat oyijon bilan birga qilasiz. Qiziq-qiziq gaplardan gapirib ko'nglini ko'tarasiz. Toki, siz toshbag'ir o'g'ilni kutib xunob bo'lganlari yodidan chiqsin. Men… Hali ulguraman kafega borishga.
— Rahmat senga, — deya xotinimning bilagini mahkam siqdim. — Men ahmoqning ko'zini ochganing uchun sendan juda minnatdorman.
— Bo'pti, endi yuz-qo'lingizni chaying, ovqatlanamiz! Bo'la qoling!
* * *
Ertasi kuni belgilangan muddatda ona hovlimga kirib keldim. Oyim yangi kiyimlarini kiygan holda darvozaxonada o'tirgan ekan. Meni ko'rdi-yu, ko'zlaridan shashqator yosh oqib, ma'yus jilmaydi. Yo'q, bu shunchaki jilmayish emasdi. Onamning so'lg'in nigohlarida sog'inch, mahtallik yashiringandek edi.
— Bolam meni ka-attakon kafega olib borib mehmon qilsa-ya, — dedi oyim meni bag'ridan bo'shatgisi kelmay. — Yaxshiyam senginamni xudo bergan ekan. Yo'qsa bugun meni hech kim mehmon qilmasdi.
— Meni kechiring, oyi, — dedim boshimni volidamning nozik yelkasiga qo'yib. — Ahmoqlik qilib sizdan xabar ololmadim. Ish dedim, boshqa bahonalarni ro'kach qildim. Kechiring!
— Bu nima deganing? — dahanaki koyib bergan bo'ldi oyim. — Sendan sira xafamasman. Davlatning ishida bo'lsang, uyoqda ro'zg'or deganday… Ana, kelinim Vaziraxon xabar olib ketdi. Qiziq-qiziq gaplardan aytib rosa kuldirdi kam bo'lmagur! Bolam, Vazira kelinimni xafa qilmagin-a! U topilmas ayol.
— Xo'p bo'ladi, oyi! Xafa qilmayman. Siz haqsiz, Vazira topilmas ayol. Ishqilib ikkovlaringizgayam ko'z tegmasin! Xo'sh, ketdikmi? Vaqt bo'lib qoldi!
— Ketdik!
Oyim hanuz meni qo'yib yubormay, ko'cha tomon yurdi.
* * *
O'sha bir soatgina davom etgan tushlik hayotimdagi eng unutilmas onga aylandi desam, xato qilmayman. Oyimning gaplari ko'payib qolgan ekan. Hammasini to'kib-soldi. Stol ustidagi noz-ne'matlardan har totib ko'rganda meni astoydil duo qildi. Men bo'lsam, haliyam shunday mehribon, mushtipar onadan tez-tez xabar olmasligimni o'ylab ezilardim.
— Bas, endi senga bir gapni aytib qo'yay, — dedi oyim dasturxonga fotiha tortilgach. — Mana, bugun menga quyuq ziyofat berding. Iloyim, topganing oltin bo'lsin! Kelasi haftaning chorshanbasida senga men ziyofat beraman.
— Oyi, bu nima deganingiz? — norozilanib peshonamni tirishtirdim. — Nega endi siz mehmon qilarkansiz? Mana, men turibman-ku!
— Yo'q dema! Ona bo'lib bir marta shunday niyat qildim. Shashtimni qaytarma, bolam!
— Xo'p, oyi! Siz aytgancha bo'la qolsin!
— Bu boshqa gap. Faqat esingdan chiqmasin!..
Nihoyat kutilgan onlar yaqinlashmoqda edi. Onamning niyati amalga oshishiga ikki kungina vaqt qolgandi. Yarim tunda mahalladagi yon qo'shnilardan biri qo'ng'iroq qildi. Nadomatlar bo'lsinki, bu qo'ng'iroq barcha orzu-umidlarni chilparchin qildi.
Onam kutilmaganda olamdan o'tibdi…
Etib kelganimda esa Bahrinisa ammam qo'limga bir parcha qog'oz tutqazdi. Ayriliq bag'rimni ezib, qon yig'layotgan bo'lsam-da, bu qog'oz onajonimdan yagona yodgor edi.
Jonholatda qog'ozga bitilgan jumlalarni o'qiy boshladim.
— Bolajonim, — deyilgandi xatda. — Sen uyimizga kelganingda onang bu dunyoda bo'lmaydi. Afsus… Niyatimga yeta olmadim. Sen yolg'izginamni ziyofat bilan siylash nasib etmadi. Ammo oldindan ziyofat haqini o'sha kafedagilarga to'lab qo'yganman. Vasiyatim shuki, suyukli kelinimni olib albatta o'sha ziyofatni yegin! Shunda go'rimda tinch yotaman. Alvido!
Ayriliq alamiga bardosh qila olmagan ko'ksim bunisini ko'tara olmadi. Men ko'z yoshlarimni tiya bilmay bor ovozda hayqirdim:
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
Lochinbek Sharopov. Muallifning She'ri
Ibrohimbek BAHODIROV. Muallifning She'ri
Bahodirov. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
No'malum. Muallifning She'ri
Xurshid Karim. Muallifning She'ri
No'malum. Muallifning Hikoyasi
Xurshid Karim. Muallifning She'ri