Onamdan qolgan g'alati esdalik

No'malum. Muallifning Hikoyasi

Bahor keldi. Har gal bahorda meni vijdon azobi qiynayveradi, o'zimni qo'ygani joy topolmayman. Chunki o'shanda ham bahor edi.

– Oyi, dam olishga bormasangiz bo'lmaydimi, uyda maza qilib o'tirsangiz-chi?

Onamning dam olish maskaniga ketayotgani menga yoqmayotgandi.

– Bolam, yo'llanmaning pulini allaqachon nafaqa pulimdan to'lab qo'yganman, sen faqat olib borib, olib kelib qo'ysang bo'ldi, – oyimning ovozida iltijo bor edi.

– E, gap puldamas, dadamni yolg'iz qo'ymang, deyapman-da, — dedim soxta kulgu bilan.

– Dadang nega yolg'iz bo'larkan, sizlar borsizlar-ku. Bu yil o'tgan yilgi o'rtoqlarim bilan kelishib yo'llanma olganmiz. Nasib qilsa, o'rtoqlarim bilan birga dam olaman.

Har yili, onam dam olishga borarkan, albatta, mening bolalarimdan birini o'ziga xamroh qilib oladi. "O'zingiz maza qilib dam oling" desak ham "menga og'iri yo'q" deb yonida olib ketadi. Mana shu gal yo'lga chiqishi oldidan nimagadir shaytonning gapiga kirdim. Ota-onamdan alohida yashayman. Yo'lga chiqishidan bir kun oldin ham ularnikiga borib xabar olmadim.

– Har yili onangiz ketishlariga siz xarajat qilib berasiz, biror safar bundoq ukangiz ham xarajat qilsin, uyam o'g'il, – xotinimning jag'i ochildi.

– Kel, qo'y, maydalashma, ketsa, yuz ming ketar, – ayolimni insofga chaqirmoqchi bo'ldim.

– Keling, shu safar siz hech narsa olmang, ko'raylik, ukangiz nima olib bera olarkan?

Rostdan ham nimaga har safar men xarajat qilishim, onamni men mashinada olib borib, olib kelib qo'yishim kerak? Eng kattasi indamaydi, deb meni eshak qilib minib oldiku bular, deb ichimda shayton g'alayon qilardi.

– Gapingda jon bor, onasi, shu safar olib boraman-u, pul ham bermayman, xarajat ham qilmayman.

– Ertasiga onamni mashinada olib ketarkanman, ishim yurishmayotganligi, pul topishga qiynalayotganligimni bot-bot takrorlardim.

– Oynadan onamga o'g'rincha qararkanman, uning yuz ifodasida hech qanday o'zgarish yo'q, faqat ahyong-ahyonda tog'larning chiroyliligini qara bolam, deb qo'yardi.

– Onam bilan birga borgan bolamga ham hech narsa bermadim. Onam hech narsa bilmagandek xayrlashdi. Bizga ro'paradan kelgan mashinadan tushayotgan odamlar katta bozorlik qilib olgan men esa to'rttagina patir ham olmagandim. Azbaroyi pulim yo'qligidan emas, balki ayolimning kechagi gaplari menga ta'sir qilgandi. Ha, men olmasam, ukam hech narsa ololmabdiku, xotinimning gapi to'g'ri degan o'y o'tdi xayolimdan.

Oradan o'n besh kun bir zumda o'tib ketdi. Onamni olib keladigan vaqt bo'lgandi.

Aksiga olib ukamning mashinasi buzilib qolibdi. Yana o'zim olib kelishimga to'g'ri keldi.

– Mashinang ham qachon buzilishni biladi o'zi - ukamga piching qilarkanman, onamning xizmatini qilish menga tushgani aslida baxtligini o'sha vaqtlari bilmasdim.

Dam olish joyida rangi tiniqlashgan onam va farzandim meni quchoq ochib kutib olisharkan, men kuninng issiqligi, ishim ko'pligini aytib, ularni tezroq ketishga undardim. Aksiga olib, yo'lda mashinam buzilib qoldi.

– Ha, bolam-a, uzoq yo'lga chiqarding, bundoq mashinaning uyoq-buyog'iga qarab qo'ymabsan-da, – oyim tanbeh berarkan, qo'lidagi dastro'molchasi bilan peshonamdagi terni artib qo'ydi.

– Men yo'lga chiqmoqchi emasdim, anavi erkatoyingiz mashinasi buzilib qolgani uchun keldim. Hali uyam rostdan kasalmi yoki yolg'on gapirganmi?

– Iye, ukangning mashinasiga nima bo'ldi? – oyim rostmana xavotir ola boshladi.

– E, ko'p savol berasiz-da, ona, undan ko'ra mashina tezroq tuzalsin deb duo qiling.

– Baxtimga arzimagan narsasi buzilgan ekan, darrov tuzaldi. Lekin men yo'l bo'yi shu dam olishingiz boshga balo bo'ldi-da, nimagayam shu yerga keldim deb onamni siltab, g'udranib, borarkanman, bu onamning so'nggi dam olishi, men uning uchun bunday xizmatni yana xohlasam ham qilolmasligimni hali bilmasdim.

Oyim uyga kirdi, men ishlarim zarurligini aytib xayrlasharkanman, bitta xalta berdi.

– Bolam, seniyam qiynab qo'ydim, mayli, xafa bo'lma, ma buni ol, mashinaga kerak bo'lar, – dedi.

– Xo'p, xayr, undan uzoqlasharkanman, xalta ichidagi nondan sindirib yeb oldim.

Onamdan qochmasam ham Yaratganning o'zi bizni ayro tushirarkan… Bu yil dam olishga onamni olib borishga ikki aka-uka shaymiz-u, faqat onam mangulikka yuz burdi...

  HIKOYALAR va SHE'RLAR
Vatan

No'malum. Muallifning She'ri

ЯНГИ ЙИЛ ТАБРИГИ

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Armon Qasri

Lochinbek Sharopov. Muallifning She'ri

"Yaltiroq"ga bag'ishlanadi

Ibrohimbek BAHODIROV. Muallifning She'ri

Ona tilim

Bahodirov. Muallifning She'ri

ОТА ВА ЎҒИЛ

No'malum. Muallifning She'ri

ОНАНГИЗ АСРАНГ!!!

No'malum. Muallifning She'ri

ТАҲОРАТ БИЛАН УХЛАСА

No'malum. Muallifning Hikoyasi

ФАРЗАНД ТАРБИЯСИ !!!

No'malum. Muallifning She'ri

БОРИНГИЗГА ШУКУР

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Oʻqituvchi haqida masal

No'malum. Muallifning Hikoyasi

КАРАНТИНДА ТЎЙ ҚИЛДИМ

Xurshid Karim. Muallifning She'ri

Created by  Master Sherkulov