Odil Yoqubov

( Oct. 20, 1926 - Dec. 21, 2009 )

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov 1926 yili Qozogʻiston Respublikasi Chimkent viloyati Turkiston tumanining Qarnoq qishlogʻida xizmatchi oilasida tugʻildi. 1944 yilda oʻrta maktabni tugatib, 1945–1950 yillarda harbiy xizmatda boʻldi, sovet-yapon urushida ishtirok etdi.

1951–1956 yillarda Oʻrta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetida oʻqidi, 1955–1959 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, “Literaturnaya gazeta”ning (1959–1963,1967–1970) respublikamiz boʻyicha maxsus muxbiri, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida va respublika kinematografiya qoʻmitasida bosh muharrir, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari (1970–1982) boʻlib ishladi.

Soʻng “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining (1982–1989) bosh muharriri, Yozuvchilar uyushmasining raisi (1989–1996), Oʻzbekiston Atamalar qoʻmitasi raisi va Turkiston xalqlari madaniyati arboblari assambleyasining vitse-prezidenti (1998–2004) lavozimlarida xizmat qildi.

Odil Yoqubovning birinchi yirik asari ‒ “Tengdoshlar” qissasi 1951 yilda bosilib chiqdi.

1956 yilda adibning “Ikki muhabbat” nomli ktiobi nashr etildi. Keyin birin-ketin “Muqaddas” (1960), “Bir felyeton qissasi” (1961), “Qanot juft boʻladi” (1969), “Billur qandillar” (1975) kabi qissalari chop qilindi. Odil Yoqubovning “Er boshiga ish tushsa” (1969) romani Ikkinchi jahon urushi yillaridagi voqelikni aks ettiradi. Odil Yoqubovning “Qanot juft boʻladi” qissasida shifokorlar, meʼmorlar, ishchilar hayoti tasviri bilan birga ijtimoiy va axloqiy muammolar ham oʻrtaga tashlangan.

“Izlayman” qissasida 1945 yilgi yapon militarizmiga qarshi kurash voqealari aks ettiriladi. U maʼlum maʼnoda avtobiografik asar hamdir. Chunki muallifning oʻzi oʻsha voqealarning jonli guvohi boʻlgan.

Yozuvchi “Ulugʻbek xazinasi” romanida (1974) ulugʻ ajdodimiz, buyuk astronom olim Ulugʻbek va uning oʻgʻli Abdullatif oʻrtasidagi ziddiyatlarni koʻrsatib, ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurashni tasvirlagan. Romanda Ulugʻbekning isteʼdodli shogirdi, mashhur olim Ali Qushchining ham ulugʻvor obrazi yaratilgan.

Adibning boshqa bir yirik asari ‒ “Koʻhna dunyo” romanida Oʻrta Osiyoning ikki buyuk allomasi Beruniy va Ibn Sino hayoti va ularning fojiali taqdirlari qalamga olinadi. Ikki ulugʻ ajdodimizning jahon ilm-fan taraqqiyotiga qoʻshgan buyuk hissalarini koʻrsatishga intiladi. Shuningdek, Odil Yoqubov zamonaviy mavzularda ham “Diyonat” (1973), “Oqqushlar, oppoq qushlar” (1988) kabi yirik asarlar yaratgan. Agar yozuvchi “Diyonat” romanida adolatning nohaqlik, tubanlik ustidan gʻolib kelishini koʻrsatgan boʻlsa, “Oqqushlar, oppoq qushlar” romanida turgʻunlik davri illatlarini roʻy-rost gavdalantirib bergan. Uning “Adolat manzili” nomli romanida milliy mustaqillik yoʻlidagi kurash hamda adolatning gʻolib va qutlugʻ yoʻli ulugʻlandi.

Odil Yoqubov respublikamiz teatrlarida sahnalashtirilgan “Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim” (1956), “Yurak yonmogʻi kerak” (1957), “Chin muhabbat” (1958), “Olma gullaganda” (1960) va boshqa pyesalarning muallifidir. “Diyonat” romani asosida yaratilgan koʻp seriyali videofilm ham muallifga sharaf keltirdi. U mohir tarjimon, munaqqid, publitsist sifatida ham barakali ijod qildi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov “Ulugʻbek xazinasi” romani uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. 1994 yilda “Doʻstlik”, 1998 yilda esa “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

  Odil Yoqubov ning tarjimai holi 6 dona
.pdf Адолат манзили PDF  3 Apr 2020
Ёқубов О. Адолат манзили
.pdf Дастлабки қадам PDF  3 Apr 2020
Ёқубов О. Дастлабки қадам
.pdf Ота изидан PDF  3 Apr 2020
Ёқубов О. Ота изидан
.pdf Пьесалар PDF  3 Apr 2020
Ёқубов О. Пьесалар
.pdf Diyonat (roman) PDF  20 Feb 2020
Odil Yoqubov. Diyonat (roman)
.pdf Ulug'bek xazinasi (roman) PDF  4 Feb 2020
Odil Yoqubov - Ulugbek xazinasi roman
Created by  Master Sherkulov